O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) va bojxona organlari xodimlari Tojikiston va Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 78 kg giyohvandlik vositasini musodara qildi.

гиёҳvaнд моддалар, дхх

Keltirilishicha, Samarqand viloyati Urgut tumanida giyohvandlik vositalari kontrabandasi bilan shug‘ullanuvchi 1 nafar Tojikiston va 6 nafar O‘zbekiston fuqarosidan iborat guruh faoliyati aniqlangan. Tezkor tadbir davomida guruh a’zolaridan qo‘shni davlatdan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan 11,5 kg opiy moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Shuningdek, 2600 dollar, 12 mln 690 ming so‘m va 850 somoni ham ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirildi, deyiladi xabarda. Aniqlanishicha, ular Tojikistondan keltirilgan narkotikni O‘zbekistonda sotmoqchi bo‘lgan. Guruhning Urgut tumanida yashovchi 6 nafar a’zosidan 2 nafari muqaddam aynan giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyatlari uchun sudlangan.

гиёҳvaнд моддалар, дхх

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida esa qozog‘istonlik fuqaroning yuk sumkasi ko‘zdan kechirilganda uning ichida 46 kg 738 gr gashish moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Uning tojikistonlik va o‘zbekistonlik sheriklari ham ushlandi. Aniqlanishicha, mazkur giyohvandlik vositasi Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan.

гиёҳvaнд моддалар, дхх

Qolaversa, Toshkent-Farg‘ona yo‘nalishida harakatlangan Gentra Namangan viloyati Pop tumani hududida joylashgan YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada Marg‘ilon shahrida yashovchi aka-uka ketayotgan avtomashina salonida 19 kg 885 gr gashish moddasi borligi ma’lum bo‘ldi. Ularning sherigi deya aytilgan yana bir shaxs ham qo‘lga olindi. Tergovga qadar tekshiruvda ular muqaddam tojikistonlik narkokurerlar tomonidan Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hududidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan narkotik moddalarni olib ketayotgani oydinlashdi.

Hozirda uchala holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246 (Kontrabanda) va 273-moddalari (Giyovandlik vositalarini qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.