Shavkat Mirziyoyev 30-may kuni Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) bosh direktori Salim al-Malikni qabul qildi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Salim al-Malik Xiva shahrida bo‘lib o‘tadigan Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar turizm vazirlari yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatga kelgan.

ICESCO bosh direktori O‘zbekistondagi “boy ilmiy va madaniy merosni asrab-avaylash, har tomonlama o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan siyosat natijalarini” yuqori baholadi, deyiladi xabarda. Prezident tashkilot bilan o‘zaro manfaatli va jadal hamkorlikning bugungi darajasini qayd etdi.

Uchrashuvda ilm-fan, madaniyat, ta’lim va turizm sohalarida ushbu mintaqaviy tuzilma bilan konstruktiv muloqot va samarali hamkorlikni rivojlantirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Tomonlar amaliy sheriklikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish maqsadida O‘zbekistonda ICESCO`ning mintaqaviy vakolatxonasini ochish masalasiga to‘xtaldi.

2007-yilda Toshkent shahri Islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilingan, 2020-yilda Buxoro shahri, 2025-yil uchun esa Samarqand shahri ushbu maqomga ega bo‘lgan.

Joriy yilda Xiva Islom dunyosining turizm poytaxti hisoblanadi. Toshkent shahridagi Xalqaro islom akademiyasida ICESCO`ning Islom sivilizatsiyasini o‘rganish bo‘yicha maxsus kafedrasi faoliyat yuritmoqda.

Hamkorlikning yangi yo‘nalishlari sifatida qo‘lyozmalar va boshqa tarixiy yodgorliklarni saqlash, restavratsiya qilish bo‘yicha tajriba almashish, bu boradagi loyihalarni amalga oshirish, arab tili o‘qituvchilarini tayyorlash va malakasini oshirish, xalqaro ilmiy va madaniy tadbirlarni tashkil etish belgilandi.