23-may kuni Namangan viloyatidagi jazoni ijro etish muassasasida jazo o‘tayotgan fuqaro o‘z joniga qasd qildi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

2000-yilda tug‘ilgan, Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) bilan sudlangan mahkum ishlab chiqarish sexi hududida o‘zini o‘zi osib qo‘ygan.

“Qalampir”ning “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovga tayanib xabar berishicha, uning onasi marhumda qiynoq izlari bo‘lganini ta’kidlagan. Xabarda aytilishicha, mahkum 11-may kuni uyiga qo‘ng‘iroq qilib, qamoqxonada unga azob berishayotganini bildirgan.

Bosh prokuratura murdani ko‘zdan kechirish davomida bo‘yin sohasida strangulyatsion egatdan tashqari boshqa tan jarohatlari aniqlanmaganini qayd etdi.

Holat yuzasidan Pop tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlandi.