2024-yilda yoz iliq ob-havo bilan boshlanadi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet xizmati agentligi.

Qayd etilishicha, harorat kunduz kunlari +28…+33 daraja atrofida, janubda va cho‘l hududlarda +35…+38 darajagacha bo‘ladi, bu o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin.

Iyun oyining birinchi besh kunligida O‘zbekiston bo‘yicha asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat ayrim tog‘oldi va tog‘li hududlarda 4−5-iyun kunlari qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Harorat kechalari +14…+19, kunduz kunlari +28…+33 daraja, ba’zi joylarda +35 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda +37 darajagacha bo‘ladi.

6−10-iyunda ayrim kunlarda (1−2 kun) ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat kechalari +14…+19, kunduz kunlari +28…+33 daraja, shimolda va cho‘l hududlarda +35…+37 darajagacha bo‘ladi.

Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda harorat asosan kechalari +15…+20, kunduz kunlari +33…+38, janubda va cho‘l hududlarda +40 darajagacha bo‘ladi. Oyning ikkinchi o‘n kunligida qisqa muddatli yomg‘irlar yog‘ishi ehtimoli ko‘p.

Tarixda iyun oylari qanday o‘tgan?

Odatda, O‘zbekiston hududining katta qismida iyun oyining o‘rtacha kunduzgi harorati +31…+36 daraja atrofida, janubda va cho‘l hududlarda esa undan 3−4 darajaga yuqori bo‘ladi.

Bu oyda maksimal havo haroratining rekord ko‘rsatkichlari hududning katta qismida +41…+44 darajani, janubda va cho‘l hududlarda +45…+47 darajani tashkil etgan. Toshkentda iyun oyining mutlaq maksimal harorati +43 daraja bo‘lgan.

Mutaxassislarning aytishicha, rekord qiymatlarga yaqin havo harorati, albatta, juda kam hollarda kuzatiladi. Harorat +37…+41, janubda va cho‘l hududlarda +42…+43 darajagacha bo‘lgan ayrim juda issiq kunlar deyarli har yili iyun oylarida kuzatiladi. Havo harorati juda yuqori bo‘lgan ayrim kunlar emas, balki issiqlik davrlarining davomiyligi atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Infografika: O‘zgiromet. 2001 -2023-yillar uchun Toshkentda iyun oyida o‘rtacha oylik maksimal havo harorati va yog‘ingarchilik miqdori.Infografika: O‘zgiromet. 2001 -2023-yillar uchun Toshkentda iyun oyida o‘rtacha oylik maksimal havo harorati va yog‘ingarchilik miqdori.

2023-yilning iyun oyida havo harorati +36…+41 daraja atrofida, cho‘l hududlarda va eng chekka janubda +43 darajagacha bo‘lgan issiq ob-havo deyarli ikki hafta (5-iyundan 20-iyungacha) davomida saqlanib turgan.

Iyun oyida harorat +25…+28 darajagacha pasayadi, ba’zida bundan ham pastroq davrlar kuzatiladi, odatda esa ularning davomiyligi qisqa bo‘ladi.

O‘zbekistonda meteorologik kuzatuvlar tarixida 2021 va 2023-yillarning iyun oylari eng iliq bo‘lgan. Eng sovuq iyun oylari 20 asrning o‘rtalarida, bu asrda hududning katta qismida 2003 va 2009-yillarning iyun oylarida kuzatilgan.

Infografika: O‘zgidromet. 2001−2023-yillar uchun eng iliq va eng sovuq iyun oylarida o‘rtacha oylik haroratning me’yordan chetlanishi.Infografika: O‘zgidromet. 2001−2023-yillar uchun eng iliq va eng sovuq iyun oylarida o‘rtacha oylik haroratning me’yordan chetlanishi.

May oyi bilan taqqoslaganda, iyun oyida yog‘ingarchilik miqdori nisbatan kamayadi (2−4 marta), ayniqsa, janubda va cho‘l hududlarda (5−12 marta), bu esa, o‘z navbatida, chang-qumli bo‘ronlarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, iyun oyida hududlar bo‘yicha hamda vaqt bo‘yicha ham yog‘ingarchilik notekisligi ko‘payadi.

Ekstremal quruq oylar bilan bir qatorda ba’zi yillarda kuchli jala yomg‘irli kunlar kuzatiladi, bunda yog‘ingarchilik miqdori ba’zi joylarda oylik me’yorga yetadi, ba’zida esa bu qiymatdan oshadi. Meteorologik kuzatuvlar tarixida yog‘ingarchilik miqdori 3−6 oylik me’yor atrofida, qurg‘oqchil hududlarda esa 8−20 oylik me’yorgacha bo‘lgan kuchli jala yog‘ishi faktlari kuzatilgan.

iyun, ob-havo

2019-yil iyun oyida Toshkentda atigi 2 marta yomg‘ir yog‘ishi holati kuzatilgan, ammo bu kunlarda yog‘ingarchilik miqdori iyun oyidagi oylik me’yordan oshib ketgan. Toshkentda iyun oyida yog‘ingarchilikning iqlimiy me’yori 17 mm ni tashkil etadi.

Tog‘oldi va tog‘li hududlarda iyun oyigi jala yomg‘irlar ko‘pincha sel-suv toshqin hodisalarining rivojlanishiga sabab bo‘ladi.