Litvada prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida Gitanas Nauseda g‘alaba qozondi. Markaziy saylov komissiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, barcha 1895 ta saylov uchastkasida byulletenlarni sanab chiqish natijasida amaldagi prezident 74,43 foiz ovoz to‘plagan, deyiladi Meduza xabarida.

Nausedaning raqibi, bosh vazir Ingrid Shimoniteni saylovchilarning 24,06 foizi qo‘llab-quvvatladi. Saylovda 49,61 foiz saylovchilar ishtirok etdi.

Nauseda saylovoldi shtab-kvartirasida jurnalistlar bilan suhbatda Litva xalqiga ishonch uchun minnatdorchilik bildirdi va prezident sifatidagi yangi muddatdagi ustuvor maqsad farovon davlatini barpo etish bo‘lib qolishini aytdi. Nauseda, shuningdek, ishning yana ikki yo‘nalishi — tashqi siyosat va xavfsizlik muhimligini ta’kidladi.

“Litva mustaqilligi, Litvaning erkinligi mo‘rt idishga o‘xshaydi, biz uni asrab-avaylashimiz, himoya qilishimiz va uning yorilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak, shuning uchun ham jamoaviy xavfsizlik tizimi, NATO, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan hamkorligimiz Litva uchun umumiy manfaat uchun ishlaydi”, — dedi u.

Gitanas Nauseda 2019-yil iyulidan beri Litva prezidenti lavozimida ishlab kelmoqda. Nauseda doimiy ravishda Ukrainaning Rossiya bosqiniga qarshi kurashini qo‘llab-quvvatlab keladi, shuningdek, Rossiya chegaralarida NATO qo‘shinlarining ko‘payishi tarafdori.