27-may kuni kunduzi Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani hududidan o‘tgan 4R12 Bektemir-Chorbog‘ avtomobil yo‘lida Gentra mashinasi yonib ketdi. Bu haqda tarmoqlarda tarqalgan videoga viloyat ichki ishlar boshqarmasining yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi munosabat bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, mashinani 2002-yilda tug‘ilgan Toshkent shahrida yashovchi fuqaro boshqarib kelayotgan. Avtotransportda qisqa tutashuv chiqib, (avtomobilning yoqilg‘i turi benzin) yong‘in yuzaga kelgan. Ushbu holatda haydovchi va ikki nafar yo‘lovchilar avtomobildan tushib qolgan.

Ushbu yong‘in oqibatida harakat ishtirokchilarining sog‘lig‘iga ziyon yetmagan. Avtoulov to‘liq yonib ketgan, deyiladi boshqarma xabarida.