Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi Konimex tuman bo‘limi davlat inspektorlari tomonidan noqonuniy ravishda baliq ovlash holati aniqlandi, deya xabar qilmoqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi.

Vazirlik qayd etishicha, tumanning “Sho‘rko‘l” MFY hududidagi reyd davomida fuqaro Y.O. tomonidan 5000 metrlik sintetik to‘r yordamida tabiiy suv havzasi hududida 218 bosh baliq noqonuniy ovlangani aniqlandi. Oqibatda tabiatga 1 milliard 240 million 300 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasi 4-qismi (Tegishli ruxsati bo‘lmay turib yoki taqiqlangan joylarda yoxud taqiqlangan muddatlarda, taqiqlangan qurollar yoki vositalar bilan ov qilish yoki baliq ovlash) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Yetkazilgan zararni undirish va tegishli chora ko‘rish maqsadida to‘plangan hujjatlar sud organlariga yuborilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 8-iyuldagi “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi 627-sonli Qonuniga asosan, 10-martdan boshlab respublikaning barcha hududlaridagi tabiiy suv havzalarida baliq ovlash taqiqlangan. Baliqlarning urug‘ qo‘yish mavsumi davomida Amudaryo va Sirdaryo suv havzalarida 10-martdan 31-mayga qadar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati suv havzalarida 25-apreldan 10-iyunga qadar va boshqa barcha suv havzalarida 16-apreldan 31-mayga qadar baliq ovlash mumkin emas.