O‘zbekistonda Bauman nomidagi Moskva texnika universiteti va Butunrossiya tashqi savdo akademiyasi filiallari ochiladi. Bu bo‘yicha 27-may kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston va Rossiya prezidentlarining tor doiradagi uchrashuvida kelishib olindi.

Qayd etilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tashrifga tayyorgarlik doirasida parlament a’zolarining uchrashuvlari, siyosiy maslahatlashuvlar, “Innoprom” ko‘rgazmasi, ikki mamlakat yetakchi muhandislik-texnik oliy o‘quv yurtlari rektorlari va nufuzli tibbiyot muassasalari rahbarlarining anjumanlari samarali o‘tgani, Toshkentda Rus san’ati haftaligi tadbirlari davom etayotgani ta’kidlandi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikning o‘sib borayotgan sur’ati qayd etildi. O‘zaro tovar ayirboshlash va Rossiyadan investitsiyalar hajmi ko‘paymoqda, sanoat kooperatsiyasi rivojlanmoqda. Qo‘shma loyihalar portfeli 45 milliard dollarni tashkil etdi, deyiladi xabarda.

Yetakchi korxonalarning qo‘shma loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Prezidentlar hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladi. 27-may kuni davlat rahbarlari raisligida O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi majlisi bo‘lib o‘tadi.

“Yetakchilar energetika, jumladan, atom energetikasi, qishloq xo‘jaligi, innovatsiyalar, migratsiya, xavfsizlik va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qildi”, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.