2024/2025 o‘quv yilidan O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari talabalariga davlat grantlari ikki shaklda: ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant va ta’lim granti sifatida ajratiladi. Bu Shavkat Mirziyoyevning 24-maydagi “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonida nazarda tutilgan.

Ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant qonunchilikda belgilangan imtiyoz bo‘yicha davlat granti asosida va maqsadli qabul doirasida talabalikka qabul qilingan talabalarga, shuningdek, tarmoq va sohalarning, davlat organlari va tashkilotlarining grantlari sohiblari uchun ajratiladi.

Ta’lim granti davlat buyurtmasi parametrlari doirasida oliy ta’lim tashkilotiga qabul qilingan talabalar uchun ajratiladi.

Endilikda bakalavriat va magistraturaga qabul qilingan talabalarga ta’lim granti bir o‘quv yili uchun ajratiladi.

Grantni oliy o‘quv yurtlariga ajratilgan davlat buyurtmasi kvotasiga muvofiq kirish imtihonlarida yuqori ball to‘plagan birinchi kurs talabalari oladi.

Ikkinchi va keyingi yillarda grantlar universitet tomonidan yuqori akademik reytingga erishgan va ijtimoiy faollik ko‘rsatgan talabalar o‘rtasida tabaqalashtirilgan tartibda qayta taqsimlanadi.

Ta’lim granti tabaqalashtirilgan tartibda moliyalashtiriladi va stipendiya faqat to‘liq ta’lim grantini yutgan talabalarga to‘lanadi.

Ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant, ta’lim grantidan farqli o‘laroq, talabaning butun o‘qish davri uchun to‘liq miqdorda ajratiladi.

Bundan tashqari, ta’lim granti asosida o‘qigan talabalar uchun o‘qishni tugatgandan keyin kamida uch yil ishlash majburiyati bekor qilinadi.