21-may kuni Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida 2006-yilda tug‘ilgan yigit o‘zidan 6 yosh katta fuqaroga o‘tkir tig‘li jism bilan hujum qildi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.

Aniqlanishicha, Marg‘ilon shahrida yashovchi 18 yoshli S.T. shaharning Burhoniddin Marg‘iloniy ko‘chasida 2000-yilda tug‘ilgan A.A.ning o‘ng orqa va yuz sohasiga o‘tkir tig‘li jism bilan zarba bergan va hayot uchun xavfli bo‘lgan jarohat yetkazgan.

A.A. hodisa joyidan qochib ketgani uchun yigit jinoiy harakatlarini oxiriga yetkaza olmasdan, hodisa joyidan noma’lum tomonga yashiringan, deyiladi xabarda.

Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy muolajalar natijasida A.A.ning hayoti saqlab qolingan.

Shahar prokuraturasi tomonidan holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi esa protsessual tartibda ushlangan.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.