O‘zbekistonda 2024-yilda o‘tkaziladigan FIFAning futzal bo‘yicha Jahon chempionati rasmiy logotipi e’lon qilindi. Bu haqda O‘FA xabar qildi.

FIFA tomonidan o‘ninchi bor tashkil etilayotgan turnir 2024-yilning 14-sentabr — 6-oktabr kunlari o‘tkaziladi. Mazkur turnirning rasmiy logotipi an’anaviy va o‘zbek oshxonasida ishlatiladigan qalampirdan ilhom olgan holda ishlangan.

Qayd etilishicha, “Tezlik sohiblari” konsepsiyasi asosida yaratilgan brendning mohiyati futzalning tezkor, yuqori templi va dinamik tabiatini aks ettiradi. Rasmiy logotip esa FIFAning futzal bo‘yicha Jahon kubogi sovrini shaklida tayyorlangan bo‘lib, uning yuqori qismidan to‘p va qalampir shaklidagi tasvir o‘rin olgan.

“Markaziy Osiyoda FIFAning birinchi turniri o‘tkazilmoqda. O‘zbekistondagi futzal bo‘yicha FIFA jahon chempionati nafaqat futzal tarixidagi muhim voqeaga aylanadi, balki jamoalar va muxlislar uchun ko‘plab qiziqarli va katta sport tadbirlarini o‘tkazayotgan ushbu mintaqa uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi” — dedi FIFA turnirlarini o‘tkazish bo‘yicha direktori Jaime Yarza.

“Turnir logotipi juda yorqin ranglarda, jozibador va zamonaviy qilib ishlangan. Unda haqiqiy sharqona va o‘zbekona koloritni his etish, shuningdek, O‘zbekistonning madaniy merosi va tarixiy qadriyatlari uyg‘unligi ham aks ettirilganini ko‘rish mumkin” — deya ta’kidladi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov.

Rasmiy brend Registon maydonida 26-may kuni jamoatchilikka taqdim etiladi. Shuningdek, ushbu sanada 24 ta ishtirokchi jamoalar uchun guruh bosqichiga qur’a tashlash marosimi o‘tkaziladi. Bu 2024-yil may oyida FIFA tomonidan futzal bo‘yicha erkaklar va ayollar milliy terma jamoalari reytingi tuzilganidan keyingi birinchi qur’a bo‘ladi. Mazkur musobaqaning besh karra g‘olibi Braziliya, amaldagi jahon chempioni — Portugaliya, shuningdek, Ispaniya, Eron va Argentina birinchi savatchadan joy oladi va qolgan jamoalar ham reytingdagi o‘rinlariga qarab savatchalarga ajratiladi.

Poytaxt Toshkent, Andijon hamda qadimiy Ipak Yo‘lining savdo markazi bo‘lgan Buxoro shaharlari musobaqaga mezbonlik qiladi. O‘zbekiston esa Gonkong (1992), Xitoy Taypeyi (2004) va Tailanddan (2012) so‘ng futzal bo‘yicha FIFA Jahon chempionatini qabul qiladigan OFKning to‘rtinchi mamlakatiga aylanadi.

O‘zbekiston mezbonlik qiladigan futzal bo‘yicha FIFA Jahon chempionati-2024 da ishtirok etadigan barcha jamoalar: O‘zbekiston, Afg‘oniston, Angola, Argentina, Braziliya, Kosta-Rika, Xorvatiya, Kuba, Fransiya, Gvatemala, Eron Islom Respublikasi, Qozog‘iston, Liviya, Marokash, Niderlandiya, Yangi Zelandiya, Panama, Paragvay, Portugaliya, Ispaniya, Tojikiston, Tailand, Ukraina va Venesuela.