20-may kuni “Charm-poyabzal, ipakchilik va gilamchilik tarmoqlarini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori [PQ-181-son] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Qarorga ko‘ra, Sharof Rashidov tumanida, shuningdek Ohangaron tumanida tashkil etilgan charm-poyabzal kichik sanoat zonasi hududini kengaytirish orqali, charmni chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan charm-poyabzal sanoati klasterlari tashkil qilinadi.

Sanoat zonalari hududida quriladigan ishlab chiqarish bino-inshootlari tadbirkorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 7 yilgacha muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan yoki ijara asosida beriladi.

Poyabzal va charm-attorlik mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalarni xarid qilish maqsadida xorijiy valyutada ajratiladigan kreditlarning 3 million AQSh dollaridan ortiq bo‘lmagan qismi bo‘yicha foiz xarajatlarining 6 foiz banddan yuqori qismi, biroq 5 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan kompensatsiya qilib beriladi.

Xorijiy brendlarni jalb qilgan poyabzal va charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga “sorsing” kompaniyalari uchun sarflangan xarajatning 30 ming AQSh dollarigacha qismi qoplab beriladi.

Sanoat zonalarida tashkil etiladigan korxonalar mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan ozod etiladi.