16-aprelga o‘tar kechasi Toshkent shahri Yunusobod tumanida bir guruh niqobli shaxslar ekskavator yordamida daraxt qo‘porib olgandi. Poytaxt Ekologiya boshqarmasining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, ularga nisbatan sud hukmi o‘qildi.

Qayd etilishicha, fuqaro E.D va A.A. tumanning Mingchinor mahallasidagi ko‘p qavatli 16-uyning orqa qismida 1 tup safora daraxtini shikastlab, ildiz qismi bilan qo‘porib olgan. Shu yerdagi fuqarolar e’tirozi bildirganida ularning gaplarini inobatga olmasdan haqorat qilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudining hukmi bilan ular Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-modda (Mayda bezorilik) va 79-modda (Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybdor deb topildi va har biriga 5 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Bundan tashqari, fuqaro E.D.ga 17 mln so‘m, A.A.ga 8,5 mln so‘m jarima jazosi tayinlandi. Boshqarmaning qo‘shimcha qilishicha, ulardan o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar uchun 27 880 000 mln so‘m zarar ham undirib olindi.

Eslatib o‘tamiz, soha mutaxassislari hamda tuman ekologiya bo‘limi mas’ullari tomonidan daraxtga agrotexnik qoidalarga asoslangan holda ishlov berilgan. Xususan, biologik o‘g‘itlar bilan to‘yintirilgan tuproq qoplamasi yotqizilgan holda o‘z o‘rniga qayta ekilgan.