O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faxriy a’zosi, turkolog va tarjimon Ramiz Asqar 70 yoshida vafot etdi. Bu haqda uyushma axborot xizmati xabar berdi.

Ramiz Asqar 1954-yilda Armanistonning Amasi tumanidagi Azizbek qishlog‘ida tug‘ilgan. 1975-yilda Boku davlat universitetining jurnalistika fakultetini, 1978-yilda Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan.

Uzoq yillar Ozarbayjon ommaviy axborot vositalarida ishlagan. 2002-yildan o‘z ilmiy faoliyatini boshlagan. Boku davlat universiteti turkologiya kafedrasida, ozarbayjon muhojir adabiyoti va badiiy tarjima laboratoriyasida, turkiy xalqlar adabiyoti kafedrasida mehnat qilgan.

2004-yilda “Qutadg‘u bilig” asarining til xususiyatlari mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, 2009-yilda “Devonu lug‘otit-turk” asarining til xususiyatlari mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan. U 150 dan ortiq ilmiy maqola, 70 dan ziyod kitob chop ettirgan, shularning 54 tasi tarjima sanaladi.

Ramiz Asqar o‘zbek mumtoz adabiyotining fidoyi tarjimoni va targ‘ibotchisi, Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asarini, “Xamsa” dostonlarini to‘liq ozarbayjon tiliga tarjima qilib, Boku shahrida chop ettirgan. Fidoyi tarjimon ozarbayjon tiliga o‘girgan “Boburnoma” asari 2011-yilda Islom Karimovga sovg‘a qilingan, deyiladi uyushma xabarida.

Ramiz Asqar 2020-yil fevral oyida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga faxriy a’zo etib qabul qilingan. O‘zbek adabiyotini targ‘ib etishdagi xizmatlari, o‘zbek va ozarbayjon adabiy aloqalarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun 2022-yilda “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.

U, shuningdek, Ozarbayjonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist unvoniga ega. 2014-yilda Ozarbayjonning “Shuhrat” ordeni bilan mukofotlangan. “Turk dunyosi oldidagi xizmatlari uchun” (Turkiya), “Oltin asr” (Turkmaniston), Bobur (O‘zbekiston) mukofotlari, “Madaniyat sohasidagi yutuqlari uchun” medali (Tatariston) bilan taqdirlangan.