Madaniyat vazirligi 2024−2025-yillarda o‘z budjeti hisobidan The Voice of Uzbekistan (“Ovoz”) teleloyihasi uchun salkam 2 mlrd so‘m, shuningdek, davlat budjetidan “Bobolarim” nomli 10 daqiqali kino-klip uchun 2,7 mlrd so‘m ajratgandi.

“Gazeta.uz” muxbiri poytaxtdagi Xalqaro anjumanlar saroyida Botir Zokirov tavalludiga bag‘ishlangan xotira kechasida madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovdan ushbu loyihalarga ajratilgan mablag‘lar va unga nisbatan bildirilgan jamoatchilik fikri bo‘yicha munosabatini so‘radi.

U jurnalistning “Davlat budjetida jiddiy taqchillik kuzatilayotgan bir paytda „Ovoz“ va „Bobolarim“ kabi loyihalarga milliardlab mablag‘ ajratilishi qanchalik to‘g‘ri deb o‘ylaysiz?” degan savoliga javob qaytardi.

“Birinchidan, mana shunday muhokamalar kimgadir kerak bo‘lyapti, bu o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q, ya’ni buning buyurtmachisi bor. Chunki Madaniyat vazirligi „Ovoz“ loyihasi uchun 2 mlrd [so‘m] ishlatayotgani… „Ovoz“ loyihasining [franshizasini sotib olish] necha so‘m turishini o‘rganinglar oldin. O‘zi u necha pul turadi, qaysi davlat necha pul sarflab, uni [mamlakatga] olib kirgan? Tarixini ham bir o‘rganinglar. Boshqa davlatlarda bu loyiha uchun ketayotgan xarajatning o‘ndan biri ham emas biz ishlatayotgan xarajat. Nima uchun [mablag‘] tikyapmiz? Chunki shunaqa imkon bo‘lib qoldi. Tez bu [loyiha]ni olib kelish va o‘sha pul evaziga O‘zbekistonga kirish imkoni bo‘lib qoldi, lekin bunday imkoniyat keyingi yil bo‘lmasligi mumkin edi”, — dedi Nazarbekov.

U “Ovoz” loyihasi 2 mlrd so‘mga arziydimi yoki yo‘qmi, degan nuqtai nazar bilan qarash kerakligini ta’kidladi.

“Gap pul bor yo yo‘qligida emas. Loyiha shu narxga arziydimi, degan savol bilan murojaat qilsalaringiz, o‘n baravar ko‘prog‘iga ham arziydi, degan javob chiqadi o‘zi aslida. Mana shu vijdoni bor odamga javob bo‘lishi kerak. Bu loyiha o‘zi necha pul turadi-ku, bugun O‘zbekistonga necha pulga kirdi? Davlat budjetidan qancha ishlatilayotgan bo‘lgan taqdirda ham, o‘zi necha pul turadi u loyiha? Shu haqda o‘ylab ko‘rdilaringizmi, hisob-kitoblaringiz bormi?” — so‘radi vazir.

Hukumat vakilining so‘zlariga ko‘ra, “Ovoz” loyihasiga Madaniyat vazirligining 2 mlrd so‘m tikkani hammaning e’tiboriga tushgan.

“Aslida bu loyihaning narxi qancha turadi, degan savol bor? Davlat tomonidan xususiy tadbirkorga ko‘mak berish mumkin-ku, to‘g‘rimi? Xususiy klasterga ham mumkin, faqat san’at sohasida xususiy bo‘lsa, unga mumkinmas, shunaqa bo‘ladimi? Demak, shunaqa javob chiqadimi? San’atkor xususiy bo‘lsa, unga [imtiyoz] berish kerak emas, lekin, misol uchun, fermer xususiy bo‘lsa, unga yordam berish kerak. Vazirlikning 2 mlrd so‘m tikkani hammaning ko‘ziga ko‘rinyapti. Bugungi kunda biznes nuqtai nazaridan tadbirkorlarga qancha-qancha subsidiyalar, imtiyozli kreditlar berilyapti. Bizning ham san’at yo‘nalishidagi tadbirkorlarni, san’atkorlarni qo‘llab-quvvatlashimiz mana shu normaga tushadimi yo tushmaydimi? Boshqa yo‘nalishlarda davlat tadbirkorlarga yelka tutyapti. Madaniyat sohasida ham yelka tutish mumkinmi? Faqat bizniki ko‘rinyapti [ommaga], boshqa hamma sohaga davlat yordam bersa, u hech narsa emas. Lekin san’atkorga yordam bersa, unga berma deydi [jamoatchilik]. Bu gapda qanchalik adolat bor?” — dedi madaniyat vaziri.

Ozodbek Nazarbekov 10 daqiqali “Bobolarim” kino-klipi haqida ham gapirarkan, ushbu loyihaning g‘oyaviy ahamiyati bebaho ekani, uning narxini belgilab bo‘lmasligini qayd etdi.

“Masalan, bizga hozir “Mendirman Jaloliddin” darajasidagi loyiha kerakmi yoki kerak emasmi? G‘oyaviy jihatdan jamiyatimizga ta’sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan yaxshi asar kerakmi yoki kerakmasmi? [Ehtiyoj bo‘lsa], demak, u qimmat turadi, arzon bo‘lmaydi. To‘g‘ri, “Mendirman” klipini olgan paytimizda xonanda bo‘lganman, xarajatlarni cho‘ntagimdan ishlatganman, unga “Bobolarim”dan kam pul ketmagan. Oldin ko‘chadan pul topardim, qilardim. Hozir yana o‘zim qilaymi, oyligimni ham shunga ishlataymi? ["Bobolarim"] kino-klipi budjet puliga bo‘layotgani [muhokama qilinyapti]. Boshqa kim qilyapti? Xo‘p, qilsin, budjetdan pul berishga ham tayyorman. Kimdir katta loyiha tayyorlab, vazirlikka hamkorlik va yordam so‘rab kelsin. Chunki “Mendirman” klipini olishdan avval qoqmagan eshigim qolmagan, hech kim yordam qilmagan o‘z vaqtida. Bugun men vazirman, shunaqa loyiha kutyapman, lekin hech kim olib kelmayapti”, — dedi u.

Uning aytishicha, “Bobolarim” klipi 2024-yilda premera qilinadi.