Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-may kuni “Suv xo‘jaligida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish va rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Hujjatda Suv xo‘jaligi vazirligi barcha manbalar bo‘yicha yagona suv balansini yurituvchi hamda davlat suv kadastrini tashkil etish va yuritishga oid ishlarni muvofiqlashtiruvchi davlat organi etib belgilandi.

Quyidagilar vazirlik faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘ladi:

  • transchegaraviy va ichki daryolar, soylar suvlarini samarali boshqarish hamda tabiiy ko‘llar, suv inshootlari va yerosti manbalarida yetarli suv zaxirasini yaratish orqali mamlakat suv xavfsizligini ta’minlash;
  • irrigatsiya va melioratsiya tizimini rivojlantirish, iqtisodiyotning barcha sohalaridagi iste’molchilarni suv bilan uzluksiz ta’minlash;
  • raqamli texnologiyalarni keng qo‘llagan holda suv resurslarini boshqarish va suv hisobini yuritishning shaffof tizimini yo‘lga qo‘yish;
  • sohaga resurs tejovchi zamonaviy texnologiyalarni, ilm-fan yutuqlari va nou-xaularni keng joriy etish;
  • suvdan foydalanish va suvni boshqarishga bozor mexanizmlarini keng joriy qilish orqali suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish;
  • suvdan unumli foydalanish va suv xo‘jaligi obyektlaridan foydalanishning iqtisodiy samaradorligini oshirishga qaratilgan ilmiy izlanishlarni tashkil etish;
  • suv xo‘jaligi obyektlarining xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlarni tashkil etish;
  • transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish masalalari bo‘yicha davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish.

Suv xo‘jaligi vazirligi tarkibida Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi va Suv xo‘jaligi loyihalarini amalga oshirish departamenti, shuningdek, quyidagilar tashkil etiladi:

  • Markaziy dispetcherlik, kommunikatsiya va kadastr xizmati negizida Markaziy dispetcherlik va suv balansi xizmati;
  • Axborot-tahlil va resurs markazi negizida Suv xo‘jaligida islohotlar markazi;
  • Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazi negizida Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti tasarrufidagi Xorazm suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazi;
  • Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi negizida xo‘jalik hisobidagi “Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish” davlat muassasasi.

Vazirlik tuzilmasi yuqori, o‘rta va quyi bo‘g‘inlarga bo‘lish yo‘li bilan qayta tashkil etilmoqda.

1-iyuldan boshlab vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlarining lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyentlari oshirilgan miqdorda hamda 2025-yildan boshlab ko‘p yillik mehnati uchun rag‘batlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda lavozim maoshiga belgilangan koeffitsiyentlarda har oylik ustamalar qo‘llanadi.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Ekologiya hamda Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda 15-avgustga qadar tabiiy suv obyektlarining suv fondi yerlarini Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi tegishli foydalanuvchi tashkilotlarga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratadi.

Suv xo‘jaligi vazirligi “O‘zGIP” MCHJ va “Suvloyiha” MCHJ tashkilotlarining davlat nomidan ishtirokchisi funksiyalarini amalga oshiruvchi organ etib belgilandi.

Vazirlik hamda uning tizim tashkilotlari tomonidan suv resurslarini boshqarish borasidagi faoliyatiga uchinchi shaxslar, shu jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlarining aralashuvi taqiqlanadi.

20-iyulga qadar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining sohilbo‘yi mintaqalarini foydalanuvchi va ijarachilarga berish vakolatini bekor qilish to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, endilikda suv olish limitlarini aholi va iqtisodiyot tarmoqlari, shu jumladan, qishloq xo‘jaligi uchun ularning ustuvorligidan kelib chiqib belgilash va tasdiqlash uchun xalq deputatlari tuman kengashlariga kiritiladi.

O‘zbekistonda 1-yanvardan boshlab suvni hisobga olish vositalari bilan jihozlanmagan yerosti suv olish inshootlaridan foydalanish taqiqlangan. Mas’ul vazirlik va idoralarga uch oy muddatda yerostidan suv olish quduqlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish topshirildi. Bunda suv hisoblagichlari o‘rnatilmagan hollarda (bundan jismoniy shaxslarga shaxsiy va xo‘jalik ehtiyojlari uchun yakka tartibda sutkasiga 5 metr kubgacha bo‘lgan miqdorda yerosti suvlarini olish mustasno) tegishli qonuniy choralar, shu jumladan, hisoblagichlar o‘rnatilmagunga qadar suv olish imkonini cheklash choralari ko‘riladi.