18-mayga o‘tar kechasi Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida bir necha yuz kishi mehnat migrantlariga qarshi namoyishga chiqdi va bu tartibsizliklarga aylanib ketdi, deya xabar berdi “24.kg” axborot agentligi.

Noroziliklarga 13-may kuni Chuy shohko‘chasidagi hostellardan birining hovlisida mahalliy aholi va xorijliklar o‘rtasida sodir bo‘lgan ommaviy mushtlashuv sabab bo‘lgan. 17-may kuni kechqurun mahalliy aholi chet elliklar bilan “orani ochiq qilib olish uchun” hostel yaqiniga to‘plana boshlagan.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari yig‘ilganlarni tarqalishga chaqirgan, biroq odamlar ortga qaytmagan, shundan so‘ng hibsga olishlar boshlangan. Vaqt o‘tishi bilan, namoyishchilar soni ming kishidan oshgani aytiladi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda xorijliklar yashaydigan yotoqxonalardan biriga bostirib kirish aks etgan videolar tarqaldi. Ularning kaltaklangani qayd etildi. Talonchilik bilan bog‘liq holatlar ham bo‘lgan”, — deb yozdi Kaktus.media.

Shundan so‘ng shaharga ichki qo‘shinlar bo‘linmalari yetib keldi va Chuy shohko‘chasi va Kurmanjan Datka ko‘chasi chorrahasiga vodomyotlar o‘rnatildi. Tun davomida namoyishchilar bir necha marta huquq-tartibot idoralari to‘sig‘ini yorib o‘tishga urindi. Yig‘ilganlar mamlakat hukumati vakili bilan uchrashishni talab qildi.

Namoyishchilar bilan muzokaralarni Bishkek shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi rahbari Azamat Toktonaliyev olib bordi. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev yig‘ilganlar Qirg‘izistonda mehnat migrantlari, shuningdek, Bangladesh, Pokiston, Hindiston va Misrdan o‘qish uchun kelgan talabalar ko‘pligiga noroziligini bildirganini ta’kidladi. Shuningdek, ular avvalgi mushtlashuvda hibsga olingan xorijliklarni javobgarlikka tortishni talab qilgan.

Tashiyevning ta’kidlashicha, jarayonda 18−25 yosh oralig‘idagi 200−700 kishi ishtirok etdi.

“Kecha yig‘ilganlarning ba’zi talablarini to‘g‘ri deb hisoblayman. Bu migrantlar oqimi oshib ketgani bilan bog‘liq. Biz bu bo‘yicha choralar ko‘rishni boshlaganmiz”, — dedi Tashiyev voqea bo‘yicha izohida.

Uning ta’kidlashicha, mamlakatdan kuniga kamida 20−30−50 nafar noqonuniy tarzda mamlakat hududida bo‘lib turgan migrantlar aniqlanib, ularni mamlakatdan deportatsiya qilish uchun barcha harakatlar amalga oshirilmoqda.

Tashiyev e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kungacha 1500 nafar pokistonlik, 1000 nafar bangladeshlik migrant Qirg‘izistondan deportatsiya qilingan. Shuningdek, mamlakatda 5000 nafarga yaqin migrant noqonuniy tarzda bo‘lib turibdi, ularning 1360 nafari pokistonlik, 1300 nafari bangladeshlik, qolganlar esa boshqa mamlakatlardan.

Ertalab yig‘ilganlar tarqala boshlagan. Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi tartibsizliklardan so‘ng 29 kishi tibbiy yordam so‘rab murojaat qilganini, ulardan 15 nafari kasalxonaga yotqizilganini ma’lum qildi.

Pokiston va Hindiston elchixonalari voqeaga munosabat bildirdi. Ular Qirg‘izistonda bo‘lgan fuqarolaridan vaziyat tinchiguncha ko‘chaga zaruratsiz chiqmaslikni tavsiya qildi.

Qayd etilishicha, Pokistonning ayrim OAVlari hodisalarda uch nafar mamlakat fuqarosi halok bo‘lgani haqida yozgan. Pokiston elchixonasi bu ma’lumot tasdiqlanmaganini qayd etdi.