Germaniya Federal prokuraturasi Markaziy Osiyodan bo‘lgan yetti fuqaroni terrorchilik guruhi tuzish, unda qatnashish va “Islomiy davlat” terrorchilik tashkilotini qo‘llab-quvvatlashda aybladi. Bu haqda idora saytidagi bayonotda so‘z boradi.

Ayblanuvchilar o‘tgan yozda Germaniya g‘arbidagi Shimoliy Reyn-Vestfaliyada qo‘lga olingan va o‘shandan beri hibsda saqlanmoqda. Ular orasida ikki nafar Turkmaniston va Qirg‘iziston va besh nafar Tojikiston fuqarosi bor. Ular “bir-birini uzoq vaqtdan beri taniydi va radikal islomiy qarashlarga ega”, — deb ta’kidladi prokuratura.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayblanuvchilar 2022-yil bahorida Ukrainadan Germaniyaga kirib, mamlakatda hujumlar uyushtirish uchun terrorchilik guruhi tuzgan. Buning uchun ular muntazam ravishda uchrashib, ehtimoliy hujum nishonlarini ko‘zdan kechirib, qurol sotib olishga uringan. Shu bilan birga, huquq-tartibot idoralari xodimlari ta’kidlaganidek, qo‘lga olish vaqtida ularda hujum bo‘yicha aniq reja bo‘lgan. Qo‘lga olinganlar, shuningdek, “Islomiy davlat”ning Afg‘onistondagi bo‘limi — ISHID-Xuroson a’zolari bilan aloqada bo‘lgan.

Bundan tashqari, ayblanuvchilar (guruh a’zolaridan biri bundan mustasno) ISHID uchun pul yig‘ib, 2022-yil aprelidan 2023-yil mayigacha terrorchilarga bir necha ming yevro o‘tkazib bergani aytilmoqda.