Jizzax viloyati Zarbdor tumanidagi 5-maktabda o‘qituvchi dars tayyorlamay kelgan 1-sinf o‘quvchilariga stul ko‘tartirdi. Vaziyat yuzasidan bolalar ombudsmani munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, 22-aprel kuni maktabda 1-“A” sinfga o‘tilayotgan ingliz tili darsida 1999-yilda tug‘ilgan ayol o‘qituvchi o‘quvchilardan uyga berilgan vazifalarni so‘ragan.

6 nafar o‘g‘il va 7 nafar qiz bolalarini darsga tayyorgarlik ko‘rmasdan kelgani tufayli tarbiyaviy chora deb sinf xonasidagi o‘zlari o‘tirgan stullarni ko‘tarishga majbur qilgan. Ushbu holatni videoga olib, Telegram orqali shu maktabning ota-onalar guruhiga yuborgan.

Hozirda holat yuzasidan tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

“Bolalarga nisbatan turli shakldagi zo‘ravonlik yoki zo‘ravonlikka tayangan tarbiya choralarini, jumladan, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash qonunan taqiqlangan va tegishli javobgarlikka asos bo‘ladi”, — deyiladi ombudsman xabarida.