Bir necha kun avval Birlashgan Arab Amirliklarida yoqqan kuchli yomg‘ir sababli O‘zbekiston fuqarolari Dubay aeroportida qolib ketdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi ma’lum qildi.

Avvalroq yozganimizdek, 16−17-aprel kunlari kuzatilgan yomg‘ir mamlakatda so‘nggi 75 yildagi eng kuchlisi bo‘ldi. Yirik magistrallar, ko‘chalar, shuningdek, ko‘plab uy va binolarning birinchi qavatlari suv ostida qoldi. Ko‘plab haydovchilar o‘z mashinalarini yo‘llarning o‘rtasida qoldirib ketishga majbur bo‘ldi. Dubay xalqaro aeroporti faoliyatini to‘xtatdi va o‘nlab reyslar bekor qilindi yoki boshqa yo‘nalishga yo‘naltirildi.

“Dunyo” AAning yozishicha, shu sababli 16-aprel kuni Dubay-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozni amalga oshirishi kerak bo‘lgan Centrum Air aviakompaniyasi reysi bekor qilingan. 52 nafar O‘zbekiston fuqarosi 1 kun davomida Dubay xalqaro aeroportining kutish zalida qolib ketgan.

Fuqarolarni O‘zbekistonga qaytarish uchun mamlakat bosh konsulxonasi, Uzbekistan Airways va Centrum Air vakillari Dubay xalqaro aeroporti mas’ullari bilan uchrashgan. Muzokara yakunida yo‘lovchilarni Uzbekistan Airways samolyotida Toshkentga qaytarishga kelishib olingan.

“Bortida hamyurtlarimiz bo‘lgan Dubay-Toshkent yo‘nalishidagi samolyot 17-aprel kuni soat 22:30 da O‘zbekistonga uchib ketdi”, — deyiladi xabarda.

Agentlik, shuningdek, noqulay ob-havo sababli aeroportda qolib ketgan fuqarolarga oziq-ovqat va boshqa turdagi zarur mahsulotlar tarqatilganini qo‘shimcha qildi.