Huquq-tartibot idoralari xodimlari Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i Merey Amanboyevaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Bu haqda Kun.uz manbasiga tayanib xabar berdi. Bosh prokuratura matbuot xizmati bu ma’lumotni “Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 28,211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda Navoiy viloyati prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Kun.uz nashrining yozishicha, Amanboyeva Navoiy shahar hokimi orqali yer maydoni olib berishni va’da qilib, quruvchi tadbirkordan katta miqdorda pul olgan.

27 yoshli Merey Amanboyeva 2020-yilda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Hozirgi lavozimida u 2024-yil 6-martdan buyon ishlab kelmoqda, ungacha esa “Zarafshon” mahallasida hokim yordamchisi lavozimida faoliyat yuritgan.

2021-yil Karmana tumanidagi quyosh fotoelektr stansiyasini ishga tushirish marosimida u davlat rahbariga “sizning kelganingizdan „dux“ oldik”, degandi. Shavkat Mirziyoyev unga prezident sovg‘asi sifatida Nexia 3 sovg‘a qilgan.

Merey Amanbayevaning reaksiyasi

Juma kuni Merey Amanboyeva o‘zining Facebook sahifasida Kun.uz`dan “asossiz ma’lumotlarni” tarqatmaslikni so‘radi.

“Ijtimoiy tarmoqqa chiqarishdan oldin suhbat qiling, keyin chiqaring. Asossiz chiqarmang. Sudlashib yurmaylik”, — deb yozdi u.

Savdo-sanoat palatasi munosabati

Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Mehnat kodeksi talablariga ko‘ra, xodimni ishdan chetlashtirish qonunchilikka muvofiq vakolatli davlat organlarining talabiga ko‘ra amalga oshirilishi belgilangan.

“Bugungi kunga qadar palataga huquqni muhofaza qilish organlaridan M.Omonboyevani ishdan chetlashtirish bo‘yicha talabnoma kelib tushmagan va u palataning Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyatini davom ettirmoqda”, — deyiladi xabarda.

Savdo-sanoat palatasi Konstitutsiyasining 28-moddasiga asosan, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yo‘li bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanishini eslatib o‘tdi.