“Yuksalish” umummilliy harakati yetakchisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov energiya resurslariga tariflarni liberallashtirish boshlanishi bilan bir paytda qator muammolarni hal etish zarurligiga e’tibor qaratdi (1-maydan tariflar oshiriladi, iste’mol uchun ijtimoiy normalar joriy etiladi).

Bekmurodov o‘zining Telegram kanalidagi xabarida “O‘zbekistonning energetika tarmog‘i tub islohotlarga muhtojligi, shu munosabat bilan tariflarni o‘zgartirish va bozor mexanizmlarini joriy etish zarurligini” ta’kidladi.

“O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moliga to‘lovlar uning tannarxiga mos kelmaydi, oradagi tafovut davlat budjetidan subsidiyalar hisobiga qoplanadi. Bunday yondashuv fuqarolarning moddiy imkoniyatidan qat’i nazar, butun aholi uchun qo‘llanadi. Energiya resurslarining jiddiy tanqisligi sharoitida moddiy ta’minlangan fuqarolar xarajatlari uchun davlat budjetidan dotatsiya olmasligi kerak, deb hisoblaymiz”, — deya ta’kidladi harakat rahbari.

Islohotlar bilan birga, mas’ul vazirlik va idoralar quyidagilarni inobatga olishi kerak, deb hisoblaydi u.

Birinchidan, markaziy isitish tizimi va tabiiy gazdan foydalanish imkoni yo‘q hududlardagi sharoitlarni hamda asosiy issiqlik manbalari pechka va konditsionerlar ekanini hisobga olish zarur.

Energetika vazirligi yuqori kuchlanish bo‘lganda maishiy texnikalariga zarar yetgan iste’molchilarga kompensatsiya to‘lash mexanizmlarini ishlab chiqishi zarur.

“Hukumat davlat budjetidan energiya tarmog‘ini modernizatsiya qilishga ajratilgan mablag‘larning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashi kerak”, — dedi deputat.

Bundan tashqari, xorij tajribasi ham hisobga olinishi kerak, deb hisoblaydi Bobur Bekmurodov. Masalan, differensiyalangan tariflar qo‘llanadigan mamlakatlarda elektr energiyasiga talab yuqori bo‘lgan paytlarda (anomal havo sharoitlarida) tarif normalari sezilarli darajada oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilda Energetika vazirligi nima uchun O‘zbekiston haligacha elektr energiyasining “kunduzgi” va “tungi” tariflariga o‘tolmayotganini uzilishlar tushuntirgandi, bunga uzilishlar va 24 soatlik kafolatlangan elektr ta’minoti yo‘qligi sabab qilib ko‘rsatilgan.