BMT Taraqqiyot dasturi va Iqtisodiyot va moliya vazirligi mamlakat qishloq hududlarini kompleks rivojlantirish loyihasining ikkinchi bosqichini boshladi, deb xabar qildi BMTTDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati.

Loyihaning ikkinchi bosqichi 2024−2028-yillarda Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining 21 ta tumanidagi 157 ta mahallada ijtimoiy infratuzilma obyektlarini qurish va kapital ta’mirlashni nazarda tutadi. Loyiha qiymati 293,5 million dollarni tashkil etadi.

Loyiha yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, elektr ta’minoti tizimlarini yaxshilash, bolalar bog‘chalari, maktablar va qishloq poliklinikalari kabi ijtimoiy soha obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishda resurs tejovchi va ekologik toza texnologiyalarni qo‘llash orqali qishloq aholisining turmush darajasini oshirishga qaratilgan.

Shuningdek, tegishli yashil va energiya tejamkor, shuningdek, raqamli yechimlardan foydalangan holda qishloqlarni rivojlantirish rejalarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirishda mahalliy arxitektorlar, muhandislar va mahalliy hokimiyat organlarining imkoniyatlarini kengaytirish va kuchaytirish rejalashtirilgan.

Mazkur loyiha mahallalarni rivojlantirish rejalarini ishlab chiqish orqali mahallalarga o‘z rivojlanish ustuvorliklari va ehtiyojlarini aniqlash imkonini berishi kutilmoqda, bu esa qurilish va sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishga asos bo‘ladi.

Loyihani amalga oshirish natijasida 622 mingdan ortiq qishloq aholisining turmush sharoitini yaxshilash rejalashtirilgan.

bmttd, ijtimoiy obyektlar, iqtisodiyot va moliya vazirligi, qishloq

Loyihaning 2022-yildan 17-aprelgacha amal qilgan birinchi bosqichi ham xuddi shunday vazifalarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarining 20 ta maqsadli tumanidagi 170 ta mahalla fuqarolar yig‘inida yashaydigan qishloq aholisining turmush sifatini yaxshilash, shuningdek, aholining kasbiy malakasini oshirish uchun chekka qishloqlarda ham obyektlarni qurish va ta’mirlashni qamrab oladi.

Ayni paytda mahalliy aholining faol ishtirokida 2024−2025-yillarda quriladigan yoki rekonstruksiya qilinadigan 900 ta kichik loyiha tanlab olindi.