Shavkat Mirziyoyev 17-aprel kuni “Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda seysmik xavfni monitoring qilish faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjatda ta’kidlanishicha, “so‘nggi yillarda dunyoda aholi hayoti va mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatuvchi zilzilalar soni ortib bormoqda”.

Shu bois “seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasini doimiy takomillashtirib borish doirasida mavjud va qurilayotgan bino-inshootlarning seysmik mustahkamligini ta’minlash, zilzilani prognozlash, monitoring qilish hamda unga tayyorgarlik ko‘rishda davlat organlari va tashkilotlarining o‘zaro aloqalarini kuchaytirish muhim”.

Yangi ko‘p qavatli binolarni aktiv seysmik himolash

1-iyundan boshlab seysmik faol zonalarda MSK-64 shkalasi bo‘yicha 8 va undan yuqori ballik seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan 5 qavatdan yuqori tibbiyot obyektlari hamda 9 qavatdan yuqori binolarni aktiv seysmik himoyalash qurilmalari, shu jumladan, seysmoizolyatsiya va dempfer uskunalari bilan loyihalash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Aktiv seysmik himoyalash qurilmalarini o‘rnatish qurilish ishlariga mas’ul bo‘lgan buyurtmachi tashkilotlar tomonidan moliyalashtirilishadi.

Yuqori xavflilik omiliga ega obyektlardagi yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarni avtomatik monitoring qilish

1-iyuldan boshlab yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III — IV toifa bo‘lgan obyektlarga bino va inshootlarning yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarini avtomatik monitoring qilish uskunasini o‘rnatish majburiy bo‘ladi.

Monitoring qilish uskunalarining majburiy o‘rnatilishini nazorat qilish Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga, ulardan olinadigan ma’lumotlarning yagona bazasini yuritish va monitoring qilish esa Toshkent arxitektura-qurilish universitetiga yuklangan.

1-iyuldan boshlab MSK-64 shkalasi bo‘yicha 5 va undan yuqori ballik yer silkinishi sodir bo‘lganda bino va inshootlarning holati bo‘yicha yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarni avtomatik monitoring qilish uskunalaridan olingan ma’lumotlar tezkor ravishda tahlil qilinadi. Bino va inshootlarda aniqlangan xavf bo‘yicha zudlik bilan O‘zbekiston aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash tadbirlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashiga axborot kiritilishi shart.

Respublika kengashi uch kun muddatda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda zilzila natijasida aniqlangan bino va inshootlarning zaif nuqtalarini mustahkamlash va xavfni bartaraf etish choralarini belgilab, ularning amalga oshirilishini ta’minlaydi.

Shuningdek, 1-iyundan yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III — IV toifa bo‘lgan obyektlarda gaz va elektr tarmoqlarini kuchli zilzila paytida avtomatik bloklash tizimi bilan loyihalash tartibi joriy etiladi.

Cho‘kkan va deformatsiyalar paydo bo‘lgan obyektlarni mustahkamlash

Qarorda sodir bo‘lgan zilzilalar va fasllardagi namgarchiliklar ta’siridan cho‘kkan hamda deformatsiyalar paydo bo‘lgan bino va inshootlarni mustahkamlash ishlariga “ilg‘or, zamonaviy va xavfsiz yondashuvlarni” joriy etish belgilangan.

Shu maqsadda 1-iyulga qadar texnik holati qoniqarsiz deb topilgan mavjud bino va inshootlarni “kompensatsion in’eksiya texnologiyasi orqali mustahkamlash va deformatsiyani oldingi holatiga qaytarish” uslubi orqali qayta tiklash ishlari eksperiment tariqasida amalga oshiriladi.

oktabr oyiga qadar eksperiment natijalari asosida bino va inshootlar poydevorini mustahkamlash va deformatsiyalarini bartaraf etish uslubini amaliyotga to‘liq joriy etish choralari ko‘rilishi kerak.

Qurilishda davlat nazorati sifatini oshirish

Qarorda 1-iyuldan boshlab yangi qurilayotgan obyektlarning xavf-xatar toifasini hamda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy inspektorlarning ish tajribasini inobatga olgan holda davlat nazoratini amalga oshirish ishlari tashkil etish belgilangan.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi qurilishda davlat nazoratini amalga oshirishda uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalari shtat birliklari sonini qayta ko‘rib chiqadi.

Zilzilalarga tayyorlash va prognoz qilish

Hujjat bilan seysmik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan hududiy chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalari tasdiqlandi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga 1-mayga qadar zilzilaga hududlarning zilzilaga tayyorgarlik ko‘rish rejalarini tasdiqlash va aholini zilzilaga tayyorlash ishlarini tashkil etish topshirildi.

Hududlarda kuchli zilzilalarga tayyorgarlik ko‘rish ishlarini “aniq ilmiy prognozlarga asosan” tashkil etish maqsadida 1-maydan boshlab Seysmoprognostik monitoring respublika markazi tomonidan zilzila xavfi va prognoziga oid xulosalarni har oyda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga kiritish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Agar xulosalarda kuchli zilzila xavfi haqida ogohlantirish bo‘lsa, tegishli hududlar rahbarlari tomonidan hududlarning zilzilaga tayyorgarlik ko‘rish rejalariga muvofiq ishlar tashkil etiladi.

1-iyundan O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan zilzilalar monitoringi, ularning ilmiy tahlili va faol tektonik yer yoriqlarining harakatlari orqali yaqin kelajakda kutilayotgan kuchli zilzila xavfi bor hududlarni aniqlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Zilzilalardan qutqarish bo‘yicha volontyorlik guruhlari

1-maydan boshlab O‘zbekistonning har bir hududida kuchli zilzilada aholini qutqarish ishlariga jalb etish uchun volontyorlik guruhlari tuzila boshlaydi.

Har chorakda ularga qonunchilikka muvofiq kuchli zilzilada harakatlanish qoidalari va tartibi o‘rgatilib, bu yo‘nalishdagi bilim va ko‘nikmalari oshirib boriladi.

Zilzila muhandisligi olimlari assotsiatsiyasi

Qarorga ko‘ra, Fanlar akademiyasida Zilzila muhandisligi olimlari assotsiatsiyasi tashkil etiladi. Uning tarkibiga vazirlik va idoralarning sohaga mas’ul mutaxassislari, olimlar, xorijlik mutaxassislar kiradi va u har uch yilda bir marta yangilanadi.

Assotsiatsiya tomonidan har chorakda tayyorlanadigan takliflar respublika kengashi tomonidan har yarim yilda muhokamadan o‘tkazilishi va asoslangan takliflar zudlik bilan amalga oshirilishi kerak.

Qo‘shimcha rejalar

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan hamkorlikda fuqarolarning zilzila vaqtida to‘g‘ri harakatlanishiga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlar, lavhalar, roliklar va eshittirishlar tayyorlash topshirildi. Ular tizimli asosda kompaniyaning barcha tele- va radiokanallarida uzatiladi.

1-avgustga qadar respublika kengashi a’zolari hamda sohaga mas’ul vazirlik va idoralar mutaxassislari seysmik xavfsizlikni ta’minlash va qurilish nazorati sohasi bo‘yicha rivojlangan xorijiy davlatlarga qisqa muddatli xizmat safariga yuboriladi.