Toshkent shahri Yunusobod tumanida 15-aprel kechasi ekskavator yordamida daraxtni qo‘porib olgan niqoblilarning shaxsiga aniqlik kiritildi, deb xabar berdi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, tumanning Mingchinor mahallasi hududidagi ko‘p qavatli 16-uyning orqa qismida bir guruh niqobli shaxslar 1 tup safora daraxtini davlat raqami bo‘lmagan ekskavator yordamida ildiz qismi bilan olib tashlagan. Ular harakatini videotasvirga olish boshlanganidan so‘ng qochib ketgan.

Ekologiya vazirligi tegishli soha mutaxassislari hamda tuman ekologiya bo‘limi mas’ullari tomonidan daraxtga agrotexnik qoidalarga asoslangan holda ishlov berilganini ma’lum qilgan edi.

Foto: Ekologiya vazirligiFoto: Ekologiya vazirligi

“Hozirda huquqbuzarlarning shaxsi to‘liq aniqlanib, tegishli protsessual chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda”, — deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Qo‘shimcha qilinishicha, daraxtlarni nobud qilgan shaxslar va hududda qurilish ishlari amalga oshirishni rejalashtirgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar mansabdor shaxslarining xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi ta’minlanadi.