Dushanba kuni markaziy viloyatlarda va respublika janubidagi ayrim joylarda yomg‘irlar kuchli bo‘ladi, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yomg‘ir kechga tomon boshlanadi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.

Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati +15…+20 daraja atrofida bo‘ladi. Seshanba kuni Farg‘ona vodiysida, kechasi va ertalab Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

17−19-aprel kunlari O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha asosan kam bulutli ob-havo bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati asta-sekin ko‘tariladi va ish haftasining oxiriga borib +25…+28 darajaga, shimolda va janubda +29…+31 darajaga yetadi.

Tog‘oldi va tog‘li hududlarda 15−16-aprel kunlari yomg‘ir yog‘adi, 15-aprelda ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Tog‘larda qor ko‘chishi xavfi saqlanib turadi. Respublikaning ayrim joylarida shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Toshkent shahrida 15-aprelda kunduzi vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. 16-aprelda kechasi va ertalab biroz yomg‘ir yog‘adi. Harorat asosan kunduz kunlari +15…+20 daraja bo‘ladi.

17−19-aprel kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kunduz kunlari harorat +23…+27 darajaacha asta-sekin ko‘tariladi. Harorat asosan kechalari +7…+12 daraja bo‘ladi.