Turkiyaning Istanbul viloyatida ijtimoiy tarmoqqa video joylamoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik yigit vatandosh tanishini otib qo‘ydi, deb xabar bermoqda O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi.

9-aprel kuni Fotih tumanida vaqtinchalik ishlash uchun kelgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi S.G. va U.R. iftor payti gaplashib o‘tirib, Instagram ijtimoiy tarmog‘iga to‘pponcha bilan video olib joylamoqchi bo‘lgan.

Shu vaqtda 22 yoshli S.G. xonadoshi va o‘rtog‘i U.R. tomonidan otib qo‘yilgan. U bosh qismiga otilgan o‘qdan o‘sha yerda vafot etgan.

U.R. esa mahalliy politsiya tomonidan ushlangan. U o‘z ko‘rsatmasida marhumni bilmasdan otib qo‘yganini aytgan.

“Vafot etgan vatandoshimizning jasadini mamlakatimizga yuborish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”, — deyiladi xabarda.