13-aprel kuni kechqurun Urganchda O‘zbekiston bosh vazirining sobiq o‘rinbosari, jurnalist, yozuvchi, shoir va dramaturg Erkin Samandar 90 yoshida vafot etdi. Bu haqda “Gazeta.uz"ga uning oila a’zolari ma’lum qildi.

Erkin Samandar (Samandarov) 1935-yil 22-martda Xiva shahrida tug‘ilgan. Xorazm pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini tugatgan (1957).

U mehnat faoliyati davomida Xorazm viloyati radioeshittirish qo‘mitasi o‘zbek eshittirishlari tahririyati muharriri sifatida (1959−61), O‘zbekiston Kompartiyasi viloyat qo‘mitasida ishlagan (1963−67; 1990). O‘zbekiston televideniyesi “Yoshlik” studiyasi bosh muharriri (1967−69), dasturlar direktori (1969−75), adabiy-dramatik eshittirishlar bosh muharriri (1975−77), “Xorazm haqiqati” gazetasida bo‘lim mudiri, bosh muharrir (1961−63; 1977−90), bosh vazir o‘rinbosari (1990−93) bo‘lib xizmat qilgan.

erkin samandar

1966-yilda “Amu jilolari” nomli birinchi she’riy kitobini nashr etgan. So‘ng “Osmon to‘la nur”, “Dunyoning yoshligi” (1970), “Vafo degan gavhar” (1975), “Sevgi fasllari” (1973), “Mening yigit vaqtim” (1979), “Qabul soatlari” (1980), “Sohildagi bolalar” (1982), “Saylanma”, “Yurakka yo‘l” kabi 20 ga yaqin she’riy majmualari e’lon qilingan.

Marhum “Osmonning tosh tulpori”, “Oltin sandiq”, “Erk sadolari”, “Ishqiy maktublar” va boshqa yuzdan ortiq qo‘shiq hamda bir qancha dostonlar muallifi hisoblanadi.

erkin samandar

U bir qator tarixiy pesalar — “Javohir” (1980), “Ajdodlar qilichi” (1985), “Bashorat” (1994), “Jaloliddin Manguberdi” (1999), “Arabmuhammad Bahodirxon” (2002), “Pahlavon Mahmud Piryorvaliy” (1995), “Suyanch” (1996), “Ming otlilar diyori” (2003) asarlarini yozgan.

Shuningdek, “Daryosini yo‘qotgan kirg‘oq” (1988), “Tangri qudug‘i” (1994) va boshqa romanlarni ham yozgan.

Erkin Samandar 1989-yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni, 2019-yilda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.