Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida 1-aprel kuni maktab o‘qituvchisi kaltaklandi, deb xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, shu kuni Toshloq tumani Sadda mahallasida joylashgan 25-sonli maktab o‘qituvchisi O.M va fuqaro A.X. o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik sababli janjal kelib chiqqan. Janjal davomida A.X. o‘qituvchini qo‘li bilan urib, jarohat yetkazgan.

“Daryo” nashrining yozishicha, jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi 9-sinf o‘quvchisi bilan qarama-qarshilikka borgan, shundan so‘ng uni o‘quvchining qarindoshlari kaltaklagan. Oqibatda uning qoshi yorilgan.

Hozirda O.M. olgan jarohatning og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan hamda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Holat viloyat IIB tomonidan nazoratga olingan, deyiladi xabarda.