12-aprel kuni taniqli yozuvchi Murod Muhammad Do‘st 75 yoshga to‘ldi. Jamoatchilik uni 1970−1980-yillardagi turg‘unlik davrining ma’naviy, iqtisodiy va siyosiy tanazzulidan hikoya qiluvchi “Lolazor” (1988) romanining muallifi sifatida yaxshi taniydi. Uning 1987-yilda yozgan “Dashtu dalalarda” hikoyasi esa bir qator munaqqid va ijodkorlar tomonidan XX asrda o‘zbek adabiyotida yozilgan eng yaxshi hikoya deya e’tirof ham etiladi.

Murod Muhammad Do‘st nafaqat yozuvchi, shu bilan birga davlat arbobi sifatida ham mamlakat tarixida o‘ziga xos iz qoldirgan. U turli yillarda O‘zbekiston milliy axborot agentligi (O‘zA) direktori, “O‘zbekkino” milliy agentligi rahbari sifatida ishlagan, shuningdek, O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning matbuot kotibi sifatida xizmat ko‘rsatgan. Bir qator kuzatuvchilar Murod Muhammad Do‘st davlat rahbarining matbuot kotibi bo‘lib ishlagan davrni prezident Karimovning OAVga eng ochiq bo‘lgan davri sifatida e’tirof etadi.

2024-yil yanvarida Murod Muhammad Do‘st “Lolazor” podkastida mehmon bo‘ldi. Suhbat davomida u birinchi prezident haqidagi xotiralari bilan ham bo‘lishdi. “Gazeta.uz” bugungi sana munosabati bilan o‘sha xotiralarni matnlashtirdi.

Karimov qanday odam edi?

Bu savolga bir so‘z bilan, oson javob berish mushkul ekanini tan olgani holda, Murod Muhammad Do‘stning aytishicha, Islom Karimov “katta shaxs edi”, shu bilan birga “ba'zi paytlarda shafqatsizlarcha qattiqqo‘l ham bo‘lgan”.

“Ayni zamonda uni oddiy bir odamlardek xursand bo‘lgan yoki boshiga musibat tushgan paytlarda qayg‘urgan holatlarini ham ko‘rganman. Hamma qatori odam [edi], u odamni gardaniga tushgan yuk juda og‘ir edi-da. O‘jar edi, siyosatda ham ko‘pincha shu o‘jarligi qo‘l kelardi. Ko‘proq O‘zbekiston manfaatlarini o‘ylab, ba’zi paytlarda dushman orttirishdan ham qo‘rqmasdi. [Isroil bosh vaziri Benyamin] Netanyahu bilan birinchi uchrashgani yodimda. Bir-biriga o‘ta g‘alati va ziddiyatli, xuddi dushmanga qaragandek qaragan. Keyin ikkalasi yaqin bo‘lib qolgan. Agar Islom akaning qarshisidagi odam tepadan kelsa, uning ham birdan o‘zbekligi tutardi”, — deydi yozuvchi.

Yozuvchi birinchi prezidentning o‘ziga xos xarakter egasi, anchagina qaysar bo‘lganini ifodalab bera oladigan bir voqeani ham hikoya qilib berdi.

“Farg‘ona prokurori ustidan o‘zimizning apparat odamlari, viloyat hokimligi va boshqalar tomonidan shikoyatlar tushgan. Keyin Islom aka: „O‘sha prokurorni tekshiringlar va yo‘qotinglar“, deb topshiriq berdi. Uni mutasaddi odam tekshirdi, ko‘rdi va boshqa qildi-da, hech qanday chora ko‘rmadi. Karimov keyin uni yana chaqirib: „Nimaga uni yo‘qotmading?“, dedi. „Tekshiruv davom etyapti, lekin biz hozircha hech narsa topolmadik“, deya izohladi. „Seni qo‘lingdan hech narsa kelmaydi, hech narsa qilolmaysizlar“, dedi Islom aka. Oradan yarim yil o‘tdimi, boshqami, o‘sha paytda bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari [tayinlash kerak] — nomzod qilib uni olib kirishadi — o‘tmaydi, bunisini olib kirishadi — o‘tmaydi. Shunda: „Odam topish ham qo‘lingdan kelmaydi-da, a? Hammasini o‘zim qilishim kerakmi? Saqlab qolganing bor-ku, Farg‘ona [prokurori], o‘shani olib kelib qo‘y“, degan. Keyin o‘sha odamni olib kelib qo‘yishdi. Hozir u akamiz rahmatli bo‘ldi — juda hurmatli, yaxshi va aqlli odam edi. Ancha vaqt ishladi, keyin davlat maslahatchisi o‘rinbosari bo‘lib ham ishladi, menimcha. Lekin shu odam qurbon bo‘lib ketishi ham mumkin edi. Topshiriq olgan tekshiruvchi sallani olib kel desa, kallani olib kelishi ham mumkin edi-da. Lekin shu ishni qilmagan”, — deydi u.

Karimov: “Hamma narsa o‘zimizda bo‘lishi kerak, o‘zbek o‘zi uchun o‘zi qayg‘urishi kerak”

Oradan ko‘p yillar o‘tgan bo‘lsa-da, Murod Muhammad Do‘stning qayd etishicha, ba’zi masalalarni, xususan, “yon-atrofdagi mamlakatlardan, „orqadan“, „pastdan“ qilingan munosabatlarni, hech kim bilmaydigan narsalarni” hali ham ochiq aytib bo‘lmaydi.

“Men sizlarga shunchaki bir sha’ma qilishim mumkin. Misol uchun, O‘zbekistonga qarshi kayfiyatda bo‘lgan ayrim terroristik deb tan olingan tashkilotlar ham o‘zidan o‘zi paydo bo‘lgan emas. Qaysidir biri qo‘shnimizning hududida, qaysidir biri yana bir do‘stimizning moliyaviy ko‘magida tashkil qilingan. Bularning ko‘pini endi aytib bo‘lmaydi. Ammo Islom aka shularni ko‘rganida kuyunib ketardi. Aytaylik, ko‘pincha toliblarning snaryadlari Termiz atrofiga kelib portlagan paytlari bir vagon snaryad ololmaganimizni eslab, xafa bo‘lardi. „O‘zimiz bo‘lishimiz kerak, hamma narsa o‘zimizda bo‘lishi kerak, sen uchun hech kim qayg‘urmaydi, o‘zbek o‘zi uchun o‘zi qayg‘urishi kerak“, derdi”, — deya xotirlaydi yozuvchi.

“Ba'zida men urishib qolardim. „Nima, sen siyosatni tozagina qo‘l bilan [yuritmoqchi bo‘lasanmi?]“ derdi. „Hech bo‘lmasa nisbatan toza qo‘l bilan siyosat qilish kerak“, der edim. [Karimov] urishardi, lekin ba’zi paytda shu gapga ham ko‘nardi. Siyosatda baribir do‘st bo‘lmaydi-da. Siyosatda ittifoqchi ham bo‘lmaydi. Bugun ittifoqchi, ertaga u xizmatini o‘tab bo‘lganidan keyin, uni chekkaga chiqarib, boshqa bir maqsadga xizmat qiladigan ittifoqchini topishga to‘g‘ri kelib qoladi”, — deydi Murod Muhammad Do‘st.

Amerikalik razvedkachi Karimovni ogohlantirgani haqida

Podkastdagi suhbat davomida Murod Muhammad Do‘st amerikalik razvedkachi Grem Fuller bilan bog‘liq haqida ham gapirib berdi.

“Amerikada Rand Corporation degan tashkilot bor, Markaziy razvedka boshqarmasining bir filialidek gap. U yerda olimlar va boshqalar ishlaydi, Ikkinchi Jahon urushi payti uyoqqa o‘tib ketgan o‘zimizning general Ro‘zi Nazar ham [ishlagan]. [Bir vaqt u yerda ishlaydigan] Grem Fuller degan professional razvedkachi O‘zbekistonga keldi. U Afg‘onistonda ko‘p vaqt yurgan, ularni tilini bilardi, o‘zbekcha ham gapira olardi. [O‘zbekistonga] kelib, Karimov bilan uchrashib, unga aytdi: „Bizning [ma'lumotlar bo‘yicha], O‘zbekistonda portlash bo‘ladi“. Islom aka: „Yo‘q, bizda portlash bo‘lmaydi“, dedi. Bu 1992-yillardan avvalgi uchrashuv edi, adashmasam… U „bo‘ladi“, dedi, bu „bo‘lmaydi“, dedi. Xullas, o‘sha portlash bo‘ldi, lekin Tojikistonda bo‘ldi. U bekorga aytmagan edi. Keyin Islom aka: „Anavi oshnangni chaqirgin, ko‘rsin — bizda bo‘lmadi-ku“, dedi. „Siz undan eshitgandan keyin mana buyoqda bu murvatni berkitdingiz, uyoqda u murvatni berkitdingiz“, dedim, imkon qoldirmagan edi-da. Lekin [portlash bizda] bo‘lishi mumkin edi. O‘sha paytda ichkaridan nimadir qilayotganlar bor edi”, — deya eslaydi yozuvchi.

Qo‘riqchisiz bozorga boradigan prezident…

Prezidentligining dastlabki yillarida Islom Karimov bir o‘zi bozorlarga borgan, matbuot anjmunlarida unga oldindan tayyorlanmagan, erkin savollar berilgan, ammo oradan vaqt o‘tib, Murod Muhammad Do‘stning qayd etishicha, prezidentning atrofida devor (izolyatsiya) paydo bo‘lgan.

“Boshida [Islom akani] oldiga Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Mudofaa vazirliklari va davlat xavfsizligi rahbarlari, ba’zi paytlarda gazetalarning muharrirlari kirardi, ammo muharrirlarni kamdan-kam chaqirardi. Matbuot anjumanlari bo‘lganida erkin savollar berilardi. Birinchi yillarda Islom aka qo‘riqchilardan qochib, o‘zi Oloy bozorlariga borib kelardi. Vaqt o‘tib, atrofida izolyatsiya paydo bo‘lgan”, — deydi adib.

“Odamzot bir joyda ko‘p o‘tirib qolganidan keyin nuqul yaxshi gap eshitgisi, xursand bo‘lgisi keladi-da. Shundan keyin xunukroq axborotlarni undan yashira boshlashadi. Masalan, gazetalarda salgina tanqidiyroq material chiqqan bo‘lsa, o‘sha soni olib qo‘yilar, [prezidentning yoniga kiritilmas edi]. „Falon gazeta qani?“ deb so‘rasa, bugun chiqmadi deyilardi. Yodingizda bormi, Markesning asarida prezidentning bir o‘zi uchun gazeta bir nusxada chiqariladi-ku… O‘sha vaqtda prezidentdan axborotni yashirish bor edi. Axborot manbalari ko‘p bo‘lishi kerak, bitta-ikkita bilan ish bitmaydi. Keyin xalqning ichidagi va ichkaridagi axborotdan, albatta, xabardor bo‘lish kerak. Ichkaridagi [asl] axborot bilan [mas'ul shaxslarga] yetib boradigan axborot o‘rtasida juda katta farq bor”, — deydi Murod Muhammad Do‘st.

Axborotlar qanday yashirilgani yoki qayta ishlangani haqida yozuvchi bir voqeani ham eslab, aytib bergan.

“Bir kuni turmadan 14 metrli chox qazib, uch-to‘rtta mahkum qochib ketdi. Islom akaga shuni: „7 metr chox qazilgan“, deb axborot kiritishdi. Keyin men axborot kiritgan odamdan buning sababini so‘radim. U bo‘lsa: „14 metr bo‘lgunicha qarab o‘tirdilaringmi“, deydi, 7 metr deb berilsa, yaxshi bo‘ladi, deb o‘yladim”, deya javob qaytardi. Men “Turmadan baribir qochishgan bo‘lsa, nima farqi bor?”, dedim. Xavf-xatarning ham, boshqasining ham metrini, gradusini, grammini kamaytirishardi. Said Ahmad akani bir hazili bo‘lardi. Toshkentda zilzila bo‘lgan paytda balini kamaytirib aytishardi-da. Said Ahmad aka rahmatli: “Xayron qolasan, shu balimizdan ham urib qoladi-ya”, derdi. Bu axborotni to‘g‘ri kiritmaslikdan — filtr qilinardi", — deydi u.

Islom Karimovning eng katta xatosi

O‘zbekistonda milliy valyuta — so‘m muomalaga kiritilganidan ko‘p o‘tmay, 1996-yilda valyuta konvertatsiyasi cheklandi. Bu cheklovlar keyinchalik kuchayib, faqat 2017-yilga kelibgina bekor bo‘ldi. Murod Muhammad Do‘stning fikricha, konvertatsiyaning cheklanishi mamlakatdagi “bir hovuch odamlar"ning boy bo‘lishiga xizmat qildi, xolos.

“Konvertatsiya masalasi 1994-yilda boshlandi. O‘zbekistonning ham, Islom akaning ham eng katta xatosi shu yerda bo‘lgan. Islom akaga: „Valyuta [chetga] chiqib ketadi, yerda o‘tirib qolamiz“, deyishardi. Lekin birortasi „Islom aka, bu o‘zbek nonni qulog‘iga yemaydi, og‘ziga yeydi. Valyutasini olib chiqsa, uning o‘rniga biror narsa olib keladi. Kerak bo‘lsa, yana olib chiqib sotadi“, demagan. Xullas, valyutani nazorat qila boshlashdi. Keyin konvertatsiya degan narsa chiqdi. O‘sha odamlar uchun konvertatsiya o‘ylab topildi. Bo‘lmasa, agar o‘sha turishimizda ketganimizda, iqtisodiyot liberallashib boraverganida, [hozir hammasi boshqacha bo‘lardi]. [O‘sha paytda iqtisodiyotda] start pozitsiyamiz Qozog‘istonnikidan yaxshi edi. O‘shanda [Islom akaning] atrofida 100 ta oila boy bo‘lib oldi, milliarderlar va boshqalar paydo bo‘ldi. Shu juda katta xato bo‘ldi. Valyuta nazorati bir hovuch odamlar qo‘lida bo‘ldi, valyutada to‘rtta kurs paydo bo‘ldi. Biz valyuta almashtirishga kuchi yetadigan odamlarni boyitdik. [Islom aka] ham menimcha buni bilardi. Chunki u odam baribir iqtisodchi edi. Lekin imkoni bo‘lmaganmi, bilmadim… Mana, konvertatsiyani qaytadan ochganimizga necha yil bo‘ldi? 2017-yilda edi. O‘shandan beri haligacha ishongim kelmaydi, har gal xursand bo‘lib qo‘yaman”, — deydi Murod Muhammad Do‘st.

Karimov tantanalarni qanday nishonlardi?

Islom Karimov Mustaqillikning dastlabki yillari o‘z tug‘ilgan kunlarini, xizmat safari bilan har yili Davosdagi Jahon iqtisodiy forumiga borgani uchun, Shveysariyaga nishonlagan.

“[Islom akaning tug‘ilgan kunini] to‘rt-besh marta Shveysariyada — Davosda nishonlaganmiz. Netanyahu bilan ham o‘sha yerda uchrashgan. Tug‘ilgan kunida oddiygina stol tayyorlanib, dasturxonga ovqatlar [tortilardi], „suxoy“ vino [ham bo‘lardi]. Islom akaning ichimligini [nazorat qiluvchi shaxs] doim qo‘lida olib yurardi. Biror joyga qo‘ysa ham o‘sha yerdan ko‘zini uzmasdi, xavfsizlik nuqtai nazaridan. Keyin, bir-ikki marta [Toshkentda] ham nishonlangan. Lekin uyida qanday nishonlaganini bilmayman. Tug‘ilgan kunida oldiga kirib, gulga o‘xshagan narsa berilardi. [Amaldorlar] unga sovg‘a berishga qo‘rqardi. Islom aka ham ba’zida boshqalarni tug‘ilgan kunidan xabar topsa, xonasiga kirib tabriklardi”, — deydi Murod Muhammad Do‘st.

Taniqli ijodkorning so‘zlariga ko‘ra, Karimov amaldorlarning o‘zaro quda bo‘lishini yomon ko‘rgan.

“Bir kuni bittasi to‘yga taklifnoma olib kiribdi. Sal oldinroq uning qudasi ham [taklifnoma] olib kelgan ekan. Islom aka: „Ko‘rmaysanmi bularni, bunisining puli, unisining esa qo‘lida kuchi bor. Ertaga birortasida muammo bo‘lsa, bunisi o‘g‘lini yoki unisi qizini qo‘yib yuboradi“, degandi. Lekin ular bir-birini qo‘yib yubormadi. Sababi — chambarchas bog‘lanib ketishdi. Islom aka kattalarning bir-biri bilan quda bo‘lishini yomon ko‘rardi. Ularning nima maqsadda quda bo‘layotgani tushunarli-ku”, — deydi Murod Muhammad Do‘st.

Karimov — “bosh rejissyor”

2007-yilda Murod Muhammad Do‘st ssenariysi asosida “18-kvadrat” filmi suratga olingan. Yozuvchining yodga olishicha, Islom Karimov filmning dastlabki versiyasini ko‘rib chiqqach, 24 banddan iborat tuzatishlar ro‘yxatini taqdim etgan.

“Masalan, film qahramoni bo‘lgan militsioner yigitni terrorchi ayol „Akajon, meni qutqaring!“ deb kelib, quchoqlaganidan keyin portlab ketadigan sahna bor edi. Islom aka o‘sha joyini oldirtirib tashlagan. Sababini so‘rasam, „Yomon namuna yuqumli“, degan. Bundan tashqari, ona obrazi va duo bo‘lishi kerak, degan fikr bergan, buni kiritganmiz”, — deya eslaydi yozuvchi.

“Filmda DAN xodimining ustidan kulinadigan joylar bor edi. Rahmatli Obid Asomov DAN xodimi rolini ham o‘ynagan edi. „Shundoq ham bularning ustidan hamma kuladi, qo‘yinglar endi — sizlar ham kulmanglar“, degan (kuladi). Biz Islom akani „bosh rejissyor“ derdik. Erinmagan odam-da, filmga aralashib, 24 punktdan iborat tuzatish bergan — g‘alati-da bu”, — deydi u.

islom karimov, lolazor, murod muhammad do‘st, xotiralar

Murod Muhammad Do‘st: “Men uning hamma gunohlariga sherikman”

Islom Karimov o‘z xatolarini tan olishga moyil bo‘lgan, ammo, Murod Muhammad Do‘stning ta’kidlashicha, prezidentga xatolarini aytadigan odam bo‘lmagan.

“Ba'zi paytlarda Islom aka „Nega menga hech kim gap qaytarmaydi, men ham xato qilaman-ku?! Nega hech kim sen noto‘g‘ri gapiryapsan, deb aytmaydi“, derdi. U o‘zining xatolarini tan olishga moyil edi. Lekin uning xatosini aytadigan odam yo‘q edi-da. Bir kuni Islom aka hazillashib: „Sen men haqimda qachon yozasan?“, dedi. „Islom aka, siz haqingizda ketganingizdan keyin yozaman. Bugun maqtayotganlarning hammasi o‘shanda sizni so‘kadi, men esa to‘g‘ri gaplarni yozaman, qanday ko‘rgan bo‘lsam, shunday yozaman“, dedim. Bu gapim unga yoqmadi. Balki gaplarimni „Bu dunyodan o‘tganingizdan keyin“, deb tushundimi, bilmadim. Lekin men [Islom Karimov] haqida hali yozganim yo‘q. U haqida o‘zimning qarashlarim bor. Xatolarini ham, yaxshi fazilatlarini ham bilaman. Ba’zan „Sizlar to‘g‘ri aytgan ekansizlar“, degan paytlari bo‘lgan. Masalan, gap qaytarsangiz, ikki-uch kun arazlab, telefon qilmasdan, gaplashmay qo‘yardi. Keyin „Sizlarni aytganlaring bo‘la qolsin, mayli bilganingni qil“, deb qo‘yardi. U ham tan olgani bo‘lardi. To‘g‘ri gap bor, lekin haqiqatni aytadigan odam yo‘q. Shuning uchun haqiqat oyoqning ostida qolib ketadi-da”, — deydi yozuvchi.

Murod Muhammad Do‘st o‘z vaqtida Karimovning shaxsiga va u bilan birga O‘zbekistonning kelajagiga qattiq ishonganini ta’kidlarkan, jumladan, shunday dedi: “Ilgari ham aytganman, men xohlaymanmi, xohlamaymanmi, yaxshimi, yomonmi, masalan, uning hamma gunohlariga sherikman, yonida bo‘lganman-ku. O‘zimni oqlamoqchi emasman. Balki men biror yomon ishda qatnashmagan bo‘lishim mumkin, lekin men — sherikman. Ammo biz unga juda qattiq ishonganmiz. Uning shaxsiga, O‘zbekistonning kelajagiga va boshqasiga nisbatan ko‘ngilda ishonch bor edi. Bo‘lmasa, menga pishirib qo‘yibdimi u yerga borib ishlashni? Ko‘ngilda bir nimadir bor edi-da, yaxshi ishlar qilamiz, deb o‘ylagan narsalar bor edi”.