O‘zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Farrux Tursunov Madrid shahrida Ispaniya qiroli Filipp VI ga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.

Rasmiy marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, Ispaniya qiroli O‘zbekiston prezidentining siyosiy tashabbusi, mamlakat farovonligi, shuningdek, butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi jarayonlar, ayniqsa, qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga qo‘shayotgan hissasi alohida qayd etilgan.

Ispaniya qiroli, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarni barcha jabhalarda mustahkamlash va rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarga hissa qo‘shishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida qirol Filipp VI O‘zbekiston elchisiga ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash borasidagi mas’uliyatli ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston elchisi Farrux Tursunov 2023-yil 7-dekabr kuni Toshkentdan Madridga yetib borgan edi. Bungacha u TIVning Strategik tahlil va prognozlash bosh boshqarmasi, shuningdek, Yig‘ma axborot-tahlil departamentini boshqarib kelayotgan edi.