Jizzax viloyati Zomin tumanida maktab o‘qituvchisi 7-sinf o‘quvchisini urgani aniqlandi, deb xabar bermoqda bolalar ombudsmani ofisi.

Bola huquqlari bo‘yicha vakilga Zomin tumanida yashovchi D.M.dan murojaat kelgan. U 26-dekabr kuni voyaga yetmagan farzandi O.T.ning (o‘g‘il bola) yuziga maktabdagi o‘qituvchisi S.M. bir necha bor tarsaki urib, uni nomaqbul so‘zlar bilan haqorat qilganini bildirgan.

Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida maktabgacha va maktab ta’lim vaziri mazkur holatni atroflicha o‘rgandi. Natijada mazkur umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining buyrug‘iga asosan o‘qituvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi, deyiladi xabarda.

Shuningdek, 23-yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Zomin tumani sudida o‘qituvchi MJTKning 41-moddasi (Haqorat qilish) va 52-moddasi (Yengil tan jarohati yetkazish) bilan aybdor deb topilib, unga nisbatan BHMning 20 baravari (6,8 million so‘m) miqdorida jarima jazosi belgilangan.

“Ta'lim muassasalarida bolalarga nisbatan nomaqbul muomala va zo‘ravonlik holatlari javobsiz qolishi mumkin emas”, — deya ta’kidladi bolalar ombudsmani.