Toshkent viloyati Toshkent tumanida 8-aprel kuni chaqiruvga asosan xizmat olib borayotgan IIB xodimi pichoqlandi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz"ga Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Shu kuni soat 21:30 larda fuqaro J.R. (1980-yilda tug‘ilgan) profilaktika inspektori Murod Xaliqovning telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, akasi J.Q. (56 yoshli) bilan oilaviy janjal sodir bo‘layotganini aytgan.

Voqea joyiga borgan inspektor xonadon darvozasi oldida qo‘lida oshxona pichog‘i ushlab turgan J.Q.ni ko‘rgan va undan qurolni tashlashni so‘ragan. Ammo u inspektorning qonuniy talabini bajarmay, faol qarshilik ko‘rsatgan va pichoq bilan Murod Xaliqovning chap bel qismiga bir marta urib, jarohat yetkazgan.

Toshkent tumani tibbiyot birlashmasi tomonidan berilgan ma’lumotnomaga ko‘ra, uning bel sohasida sanchilgan, kesilgan jarohat aniqlangan. Viloyat IIBB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, inspektor IIV markaziy gospitaliga yotqizilgan.

Holat yuzasidan J.Q.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi (Xizmat vazifasini bajarish yoki fuqaroviy burchini bajarishdan voz kechishga, shuningdek, qonunga xilof harakatlar sodir etishga majbur qilgan holda hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Ushbu jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxs uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.