O‘zbek tilidagi eng yirik onlayn-kutubxona hisoblangan “Ziyouz.com” loyihasi tashkil etilganiga 2024-yil 9-aprel kuni 20 yil to‘ldi. Bu haqda loyiha asoschisi Davronbek Tojialiyev ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lum qildi.

“Insonlarga haqiqiy ma’noda ziyo ulashish” maqsadida ishga tushirilgan portalda hozirgi kunda nasrda ijod qilgan 450 dan ziyod o‘zbek, 600 dan ziyod jahon adiblarining 5 mingga yaqin hikoya, qissa va romanlari, 1000 dan ziyod o‘zbek shoirlarining 15 mingdan ortiq she’rlari, 120 millatga mansub 1300 dan ortiq jahon shoirlarining ham 15 mingdan ortiq ijodiy ishlari o‘rin olgan.

Bundan tashqari, portalda jadidlar, sovet va qayta qurish davrida e’lon qilingan yuzlab matbuot materiallari, ilm-fan, adabiyot va tarixga oid minglab maqolalar, 500 dan ziyod o‘zbek xalq ertaklari, minglab maqol va topishmoqlar, shuningdek, jahon xalqlari va adiblarining 30 mingdan ziyod aforizmlari va ibratli hikoyatlari bilan ham tanishish mumkin.

Portalga har kuni o‘n minglab foydalanuvchilar tashrif buyuradi. “Ziyouz.com” portali o‘tgan 20 yil davomida “Oltin qalam” milliy mukofotini qo‘lga kiritgan, UZ Milliy domeni internet-festivalining “Fan va ta’lim sohasida eng yaxshi sayt” yo‘nalishida ketma-ket uch yil g‘olib chiqqan, yana ko‘plab milliy va xalqaro tanlovlar sovrindori bo‘lgan.

Ziyouz.com” asoschisi Davronbek Tojialiyev loyiha 20 yoshga to‘lishi munosabati bilan uning muxtasar tarixini bayon qildi. “Gazeta.uz” uning hikoyasini e’tiboringizga havola qiladi.


Davronbek Tojialiyev. Foto: t.me/davronbektDavronbek Tojialiyev. Foto: t.me/davronbekt

Davronbek Tojialev: Bugun hayotimdagi eng yaxshi loyihalardan biri “Ziyouz.com” dunyo yuzini ko‘rganiga 20 yil bo‘ldi

Kechagidek yodimda, bundan ropa-rosa 20 yil avval, 2004-yil 9-aprel kuni sahar payti do‘stim Otabek Nuriddinov xonadonida “Ziyouz.com” portalining ilk sahifalarini internetga yuklagan edik. Saytni HTML dasturlash tilida o‘zim yozgan va o‘sha zamon uslubida oddiy dizayn qilgan edim. Ilk 20 ta maqolani o‘sha paytdagi internet tezligi (soniyasiga 31 kbit) bilan ularni joylashga 1 soatcha ketgandi (quloqlarim ostida Dial-up ovozi jaranglamoqda). Yarim yil ichida saytdagi maqolalar soni 300 taga yetgan.

U paytlarda kompyuterim ham yo‘q edi. Kompyuterli, ayniqsa noutbukli bo‘lish katta obro‘ sanalardi. Tahririyatdagi kompyuterda materiallarni tayyorlab, disketaga (atigi 1,44 megabayt ma’lumot sig‘ardi) ko‘chirib, internet-kafega borar va o‘sha yerda butunjahon to‘riga joylar edim. U paytlar hali ADSL ham yo‘q, soniyasiga 31 kbit tezlikka ega Dial-up internet-kafedagi 6 ta kompyuterga bo‘linardi. Internet narxi ham juda qimmat — soati 5000 so‘m edi. O‘zim 12000 so‘m stipendiya olardim.

2005-yili grant asosida jurnalistikadan malaka oshirish uchun Polshada bo‘ldim. Eng yaxshi qatnashgan ishtirokchi sifatida noutbuk sovg‘a qilishdi. Juda xursand bo‘ldim. Bu Wi-Fi adapter ulangan ilk noutbuklardan biri edi. Navoiy ko‘chasiga (o‘sha paytlar elektronika tovarlari yarmarkasi shu ko‘chada bo‘lardi) nimadir olish uchun borganimda o‘sha noutbukni ko‘rsatdim, sotuvchilar 2800 dollarga baholashdi. O‘sha paytlari bu pulga yana ozgina qo‘shsa, kvartira berardi. Sotmadim.

Shu yili propiska muddati (universitetdan 4 yilga propiska qilib berardi) tugagani uchun gazetadagi ishimdan ayrildim. Magistraturaga kirdim. Yarim yilcha ishsiz qoldim. Shunda noutbuk ish berdi. Shu orqali ozroq tirikchilik qilib, ham saytni yuritib turdim.

Keyin telefoni bor ijara-kvartiraga ko‘chib o‘tdim. Uydan internetga ulanib, sayt ishlarini bajara boshladim. Dial-up tizimida telefon orqali provayderga ulanib, internetga kirilgan payt telefon liniyasi band bo‘lar va telefon uchun ham kompaniya haq olardi. Keyin callback xizmati chiqdi. Unda internet provayderi sizga qo‘ng‘iroq qilib, internetga ulab berardi.

Avvalboshda bu ishimga yaqinlarim, ayrim ustozlar ham qarshi bo‘ldi. Ularga internetning afzalliklari va imkoniyatlarini tushuntirishga harakat qildim. “Umid bilan suqilgan tayoq bir kun berar mevayu yaproq” deganlari to‘g‘ri ekan, bir-ikki yilda sayt ancha ko‘zga ko‘rinib qoldi, ilk hosil bera boshladi. Portal, ayniqsa, chet eldagi millatdoshlarimiz uchun ayni muddao bo‘lgan edi. Shuningdek, o‘zbek tilini tadqiq etayotgan olimlar ham saytga tez-tez murojaat qiladigan bo‘ldi. Bu orada xorij davlatlari adabiy va ilmiy nashrlari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘ydim.

“Ziyouz.com” kutubxonasidagi ba’zi kitoblarni kiritishga bir kunlab vaqt ketgan. Internet tezligi bu paytda soniyasiga 56 kilobitga yetgan, 20−30 megabaytli kitobni yuklash uchun kechqurun upload’ga qo‘yar, kechasi telefon uzilib qolmasa, sahargacha yuklash tugardi. Agar texnik nosozlik (telefon ko‘p uzilib qolardi) bo‘lsa, yana qayta yuklashga to‘g‘ri kelardi.

2005-yilda saytda forum (ushbu forum o‘zbek tilidagi ilk forumlardan biri edi) ishlay boshladi. “Yangiliklar”, “Islom”, “Iqtisod”, “Siyosat”, “Ma'rifat”, “Ajoyibotlar” bo‘limlarida 1000 ga yaqin maqola jamlandi. 2006-yil 25-yanvar kuni “Xalq so‘zi” gazetasida chop etilgan “Ayb faqat yoshlardami?” maqolasida saytimiz haqida iliq fikrlar bildirildi. Ushbu maqola portalimiz haqida rasmiy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan ilk xabar edi.

Dastlab ruweb.net'dan olingan xosting 50 megabayt hajmda edi. Oyiga 1000 megabayt trafik berilardi. Bu trafik esa oyning 10−15 kunida tugab qolar, qolgan kunlari sayt ishlamay turardi. Kitoblar boshqa bepul serverga joylanardi. Keyinchalik xostingni bir necha marta o‘zgartirdim… Saytni yasash, dizayn qilish, joylash, kichik texnik muammolarni hal qilishni o‘zim o‘rganib bajarardim. Bu borada Shuhrat Dehqonov katta ko‘mak berib turdi. So‘nggi yillarda Shavkat Homidjonov beminnat yordam bermoqda. Ularga alohida rahmat aytaman.

Bir necha o‘n materialdan iborat mo‘'jaz saytni rosmana portalga aylantirish oson kechmagan, albatta. Men ish boshlagan davrda internetda o‘zbek tilidagi materiallar juda kam edi. Shu bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida dastavval ko‘proq matnli materiallarni jamlashga harakat qildim. Oz sondagi tayyor fayllarni gazeta, jurnal va nashriyot tahririyatlaridan olardim. Asta-sekin mualliflarning o‘zlari ham tayyor matnlarni taqdim eta boshladi. Lekin asosiy bisotni o‘zim elektronlashtirib, joylashimga to‘g‘ri keldi.

Internet ahliga, avvalo, eng zaruriy ma’lumotlarni taqdim etish kerak deb o‘ylaganman. Ularni elektron formatga keltirish katta vaqt va resurs talab qilardi. Kitoblarni topib, uni sahifama-sahifa skanerdan o‘tkazish; fayllarni yig‘ib, yaxlit PDF formatga o‘tkazish; PDF fayldan matn formatga o‘girish; matnni qayta o‘qib, xatolarini tuzatib chiqish; skaner qilingandagi dog‘larni tozalash va tekislash; mualliflik huquqini himoya qilish uchun shifrlash; saytga joylash uchun oxirgi versiyani hozirlash; nihoyat, faylni serverga joylash va elektron kutubxonada e’lon qilish… Jarayon ancha uzun va mashaqqatli bo‘lsa-da, menga olam-olam zavq berardi. Qolaversa, bu men uchun bir dorilfunun kabi edi: har bir matnni tayyorlash jarayonida uni sinchkovlik bilan o‘qib, bilimimni oshirar, dunyoqarashimni kengaytirar edim.

Gazet-jurnallarning tahririyat bergan yillar bo‘yicha jamlanmalarini uyga olib borib, muqovani buzib, ichidan nashrni olar va skanerdan o‘tkazar edim. Yillik arxiv tugagandan so‘ng jurnallarni jamlab, tikib, yana qayta muqovalab, tahririyatga qaytarardim. “Yoshlik"ning marhum bosh muharriri Sobir O‘nar topilmagan sonlarni azza-bazza uyidan olib kelgani yodimda. Men bisot kemtik bo‘lib qolmasin deya tahririyat arxivida saqlanib qolmagan sonlarni qistalang qilaman, rahmatli Sobir aka qidira-qidira bezor bo‘ldimi, axiyri uyidagi kitob javonlarini ham ixtiyorimga berib qo‘ygan edi.

Bunday munosabat-muzokaralar boshqa adabiy jurnal va nashrlar bilan ham bo‘lgan. Tahririyatlar, mashhur olim, shoiru yozuvchilarning shaxsiy kutubxonalari aro kezish, ularning ma’naviy bisotiga oshno bo‘lish va eng nodir kitoblarni o‘qirmanlarga taqdim etish menga ilhom va kuch berardi. Kutubxonadagi qog‘oz hididan ko‘nglim yorishib, charchoqlarim chiqib ketardi. Biroz chang tortgan kitoblarni qo‘lga olish, asr oshgan bitiklarni o‘qish qanchalik maroqli ekanini ashaddiy kitobxonlar yaxshi biladi.

Agar inson bir ishni sidqidildan, sevib qilsa, o‘sha yumush uning hayoti mazmuniga aylanadi. Men uchun ham “Ziyouz.com” allaqachon hayotimning ajralmas qismi bo‘lib qolgan. Portal materiallaridan foydalanib nomzodlik, doktorlik dissertatsiyalari yoqlanayotgani, xorijda o‘zbek adabiyoti tadqiq va tarjima qilinayotgani haqidagi xabarlar doim xursand qiladi. Portal haqida ham bir nechta magistrlik ishlari yoqlandi.

Yaqinda Angliyada doktorlik ishini yoqlayotgan bir vatandoshimiz bilan suhbatlashdim. “Sizga katta rahmat. Chetda yurib, saytingizdagi elektron kitoblardan 500 dan ziyodini o‘qidim”, dedi. Shukrki, bunaqa e’tiroflarni tez-tez eshitib turaman. Motivatsiya degani shu bo‘lsa kerak. “Ziyouz.com” xalqimizning ziyoli bo‘lmog‘iga ozgina bo‘lsa-da hissa qo‘shayotganidan baxtliman.