Fransiyada Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi (IHBES) Shveysariyaning iqlim inqirozini yengishdagi muvaffaqiyatsizligi inson huquqlarini buzadi, deya qaror qildi. Bu sudning tarixda birinchi marta iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ish bo‘yicha qaror chiqarishi holati hisoblanadi, deb xabar bermoqda CNN.

64 yoshdan oshgan 2000 dan ortiq ayollardan iborat Shveysariya fuqarolari guruhi IHBESga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan. Ularning ta’kidlashicha, haddan tashqari issiq ob-havo davrlari ularning sog‘lig‘i va hayot sifatiga putur yetkazadi va ularni o‘lim xavfi ostida qoldiradi.

Yakunda sud Shveysariya hukumati emissiyalarni kamaytirish to‘g‘risida mamlakat qonunchiligidagi “xavfli bo‘shliqlar” tufayli bir qator inson huquqlarini buzgan, deb qaror qildi. Sud raisi Shifra O’Liri Shveysariya hukumati iqlimga oid maqsadlariga erisha olmaganini va tegishli choralar ko‘rmaganini ta’kidladi.

“Shveysariyaga qarshi bugungi qaror barcha Yevropa mamlakatlariga tegishli bo‘lgan tarixiy pretsedentdir, — dedi Global Legal Action Network huquqshunosi Jerri Liston CNN`ga. — Bu barcha Yevropa davlatlari zudlik bilan o‘zlarining [iqlim] maqsadlarini qayta ko‘rib chiqishlari kerakligini anglatadi… Bu barcha avlodlar uchun katta yutuqdir”.

Telekanalning qayd etishicha, Shveysariyada apellyatsiya berish huquqi yo‘q, qaror esa qonuniy kuchga ega. Sud qarori, shuningdek, Shveysariyani qazib olinadigan yoqilg‘i sarfini tezroq qisqartirishga majbur qilishi mumkin.