Shavkat Mirziyoyev 10-aprel — Ramazon hayiti bayrami munosabati bilan O‘zbekiston xalqini tabrikladi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

“Avvalo, muqaddas dinimiz buyurgan ibodat va amallarni muborak Ramazon oyida chin dildan, ixlos bilan ado etib, bugun hayit ayyomini katta shod-u xurramlik bilan kutib olayotgan siz, azizlarni, yurtimizdagi jamiki mo‘min-musulmonlar, butun xalqimizni samimiy tabriklab, barchangizga o‘zimning yuksak ehtiromim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman”, — dedi prezident.

U islom tinchlik, ezgulik va insonparvarlik dini ekanini eslatib, muqaddas kitoblarda “Tinchlik-omonlik, o‘zaro do‘stlik va ahillikka intilib yashash — chin mo‘minga xos fazilatdir”, deya ta’kidlanganini bildirdi.

Davlat rahbarining yozishicha, mamlakatda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar islom dinining asl mohiyati, uning olijanob g‘oya va tushunchalari bilan uyg‘un hisoblanadi.

“Pok niyatlar ijobat bo‘ladigan ushbu oyda diyorimiz musulmonlari diniy amallarni emin-erkin ado etishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi. Bemorlar, nogiron va keksa insonlar, kam ta’minlangan oilalar, ehtiyojmand qatlamlarga mehr va e’tibor yanada kuchaydi. Buni birgina misol, ya’ni ko‘makka muhtoj insonlar uchun 20 milliard so‘mdan ziyod moddiy yordam ko‘rsatilib, mahalla va xayriya tashkilotlari tomonidan barcha hududlarimizda iftorlik va ehson marosimlari o‘tkazilgani ham tasdiqlaydi”, — deya ta’kidladi u.

Shavkat Mirziyoyevning qo‘shimcha qilishicha, Yangi O‘zbekistonda barcha millat va konfessiya vakillari uchun vijdon erkinligini ta’minlash, ularning tili, madaniyati va urf-odatlarini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.

“Jumladan, yangi masjidlar barpo etilmoqda, ulug‘ allomalar, aziz-avliyolarimizning qadamjolari obod qilinmoqda, milliy va diniy qadriyatlarimiz tiklanmoqda. Muborak Haj va Umra ziyoratlari uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda”, — dedi prezident.

Davlat rahbari bu boradagi ishlar kelgusida ham davom ettirilishini aytdi. “Buning uchun hozir dunyoda yuzaga kelgan g‘oyat murakkab va tahlikali vaziyatda diyorimizdagi tinch va osoyishta hayotni ko‘z qorachig‘idek asrab, yanada hamjihat bo‘lib, xalq manfaatini ta’minlashga qaratilgan islohotlarimizni yangi bosqichga ko‘tarish zarurligini, o‘ylaymanki, barchamiz yaxshi anglaymiz”, — qayd etdi u.

Shavkat Mirziyoyev “yoshlarimizni azaliy qadriyatlarimiz bilan birga zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, Vatan tuprog‘ini ko‘ziga to‘tiyo qilib yashaydigan insonlar etib tarbiyalash” asosiy burch ekanini bildirdi. U ta’lim maskanlari va mahallalarda olib borilayotgan tarbiyaviy ishlarni kuchaytirish kerakligini aytdi.

“Qalblarimiz quvonchga to‘lgan mana shu mo‘'tabar ayyomda sizlarni muborak Ramazon hayiti bilan yana bir bor chin yurakdan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-u saodat, xonadonlaringizga fayz-u baraka tilayman”, — deya yakunladi davlat rahbari o‘z tabriknomasini.