Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda hududlarda tezkor tadbir o‘tkazib, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarida sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjati bo‘lmagan dori vositalarining savdosiga chek qo‘ydi.

dori vositalari, дхх, сирдарё, қашqadarё

Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida yashovchi ayol “Banksef”, “Zanasef”, “Gansef” va “Gandsef” nomli jami 3767 dona dorini 54 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. U dorini yakkabog‘lik boshqa bir ayoldan olganini aytdi.

Aniqlanishicha, ushbu shaxs ham muqaddam sotgan dorilari uchun 26 mln so‘m olgan vaqtida qo‘lga tushdi. Shuningdek, ayolning uyidan tegishli hujjatlari bo‘lmagan, umumiy bahosi 1 mlrd 307 mln so‘mlik jami 14 909 dona dori vositasi topildi va protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Ma’lum bo‘lishicha, ular davlat ro‘yxatidan o‘tmagan.

Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida kuzatilgan holatda esa fuqaroning uyida Xitoyda ishlab chiqarilgan, tegishli hujjatlari yo‘q va sifati kafolatlanmagan, jami 593 mln 142 ming so‘mlik 49 mingta flakonda “Ampisul” nomli dori vositalari borligi aniqlandi. Ularning egasi hisoblangan bekobodlik shaxs qo‘lga olindi. Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu dorilarni farg‘onalik 2 fuqaro Tojikistondan bojxona nazoratini chetlab o‘tib, olib kelgani aniqlandi, ular ham ushlandi.

Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.