Namangan viloyati Chortoq tumanida 8-aprel kuni shifoxonaning hushyorlantirish bo‘limiga yotqizilgan erkak o‘zini osib qo‘ydi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Shu kuni soat 00:40 da ko‘p miqdordagi spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan U.I. ismli erkak (1981-yilda tug‘ilgan) markaziy shifoxonaning hushyorlantirish bo‘limida vafot etgan. Aniqlanishicha, u oyna darchasining temir panjarasiga taglik matodan sirtmoq yasab, o‘zini o‘zi bo‘yin sohasidan osgan.

Bosh prokuraturaning xabar berishicha, marhum hushyorxonaga 7-aprel kuni yotqizilgan. Ko‘p miqdorda spirtli ichimlik istemol qilib, ko‘p qavatli uy atrofida mast yotgani sababli turmush o‘rtog‘i tuman IIB profilaktika inspektorini chaqirgan, u esa marhumni shifoxonaga olib borgan.

Holat yuzasidan Yangiqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Vaziyat ombudsman nazoratiga olindi, deb yozdi inson huquqlari bo‘yicha vakil ofisi. Unga taqdim etilgan ma’lumotnomaga ko‘ra, U.I.ning o‘limi bo‘yin sohasining siqilishidan kelib chiqadigan mexanik asfiksiya, o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligi oqibatida sodir bo‘lgan. Uning tanasida bo‘yin qismidagi strongulatsion egatdan boshqa jarohatlar aniqlanmagan.

Ombudsmanning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili marhumning oila a’zolari va yaqinlari bilan suhbatlashgan.