Ijtimoiy tarmoqlarda 10-aprel kuni Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan “Ashxobod” sayilgohiga o‘rnatilgan charxpalakdan 20 mingga yaqin shar yog‘dirilishi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Shahar Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilganini ma’lum qildi.

Tashkilotning xabar berishicha, o‘rganishlar natijasida sharlar charxpalakdan emas, yerdan 5 metr balandlikda joylashgan temir balkalardan yog‘dirilishi aniqlangan.

Mas’ullar “bayram arafasida tabiatga va atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda ishlarni tashkil etish” to‘g‘risida ogohlantirildi, deyiladi boshqarma xabarida.

Avvalroq bloger Jahongir Xo‘jayev sharlar aynan charxpalakning eng yuqori qismidan yog‘dirilishini aytgandi. Telegram`dagi Ekologuz kanali esa shouda ishlatiladigan bir martalik sharlar ekologiyaga zarar yetkazishi mumkinligidan xavotirlarini bildirgan.

“Lateks sharlar juda uzoq yillar parchalanadi, bu vaqt ichida qushlar, quruqlikdagi va dengiz hayvonlarining hayotiga tahdid soladi”, — deb yozgandi loyiha.