Toshkent va Samarqand shaharlarida advokatlarning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi, deya xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.

Qayd etilishicha, Toshkent shahridagi advokatlik byurosi advokati va qurilish sohasida faoliyat yurituvchi MCHJ yuristi o‘zaro kelishgan. Ular sud tizimida yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali 2021-yilda 8 yil 6 oy muddatga qamalgan shaxsga nisbatan tayinlangan jazoni yengilrog‘iga almashtirib berish evaziga 75 ming dollar so‘ragan.

Biroq ular pulni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Ta’kidlanishicha, advokat 2015−2020-yillarda fuqarolik ishlari bo‘yicha Bekobod tumanlararo sudining sudyasi, MCHJ yuristi esa 1999−2003-yillarda jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi xodimi sifatida faoliyat yuritgan.

Boshqa holatda esa muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan, Toshkent shahridagi advokatlik firmasi advokati sud organlaridagi tanishlari orqali uzoq muddatga qamalgan mahkumning jazosini ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa jazoga almashtirib berishini aytgan. Evaziga 17 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Samarqand shahridagi advokatlik hay’ati advokati shahar prokuraturasi ish yurituvidagi jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llamasliklari uchun prokuratura tizimidagi tanishlari orqali yordam berish evaziga 2 ming dollari talab qilgan. Lekin 1,5 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 28,211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, deyiladi xabarda.