Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i bilan vazirlik huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori o‘zgardi, deb xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.

Markaz direktori sifatida ishlab kelayotgan Agzam Nartayev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Uning o‘rniga Alisher Temirov Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Alisher Temirov 2009-yil Toshkent farmatsevtika institutini tamomlagan. Turli yillarda SSVning Dori vositalari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish bosh boshqarmasi Yangi tibbiy texnika qo‘mitasi raisi, Dori vositalar, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi bo‘lim boshlig‘i, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori o‘rinbosari kabi mas’ul lavozimlarda ishlagan.

Alisher Temirov, shuningdek, rahbar kadrlarni tayyorlash dasturi doirasida Germaniyada stajirovka o‘tagan. Uning bevosita ishtiroki bilan O‘zbekiston Yevropa va AQSh farmokopeyalarida kuzatuvchi maqomini hamda O‘zbekiston Davlat farmakopeyasini yaratishda ularning matnlarini nusxalashtirish va uyg‘unlashtirish huquqini olgan.

U tayinlovga qadar SSVning farmatsevtika sohasini tartibga solish va dori vositalari ehtiyojlarini aniqlash bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.