Namangan, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi, deya xabar qildi DXX.

Xususan, Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, “Chortoq-Namangan” yo‘nalishida harakatlanayotgan Nexia rusumli transport vositasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.

Natijada avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan Chortoq tumanida yashovchi, 1986-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxsning yonida 2 kg 47 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Uning yashash xonadonidan ham kelgusida sotish maqsadida saqlanayotgan 4 kg 942 gr “gashish” moddasi olindi.

O‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida jami 6 kg 989 gr “gashish” giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi. Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu narkotik moddalar muqaddam qirg‘izistonlik narkokurerlar tomonidan Chortoq tumaniga olib kelinib, xufiya joyga qoldirib ketilgani ma’lum bo‘ldi.

Davlatobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 1996-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs o‘zining boshqaruvida bo‘lgan Lacetti rusumli avtomashinada 1 kg 842 gr “gashish” moddasini Namangan shahrida istiqomat qiluvchi, 1984-yilda tug‘ilgan fuqaroga 14 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, kelishilgan puldan 10 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu giyohvandlik vositasini qirg‘izistonlik narkokurer muqaddam Yangiqo‘rg‘on tumanidagi xufiya joyga qoldirib ketganligi ma’lum bo‘ldi.

Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi, 1988, 1995, 1998-yillarda tug‘ilgan 3 nafar fuqaro Tojikistondan olib kelingan 936 gr “opiy” moddasini xaridorga berib, undan kelishilgan pul mablag‘ini olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlandi. Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ularning jinoiy sherigi bo‘lgan — 1992-yilda tug‘ilgan urgutlik shaxs ham ushlandi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Quvasoy shahrida yashovchi, 1986-yilda tug‘ilgan shaxs muqaddam tojikistonlik jinoiy sherigi tomonidan Quvasoy shahridagi xufiya joyga qoldirib ketilgan 950 gr “gashish” moddasini olib, uni 1987-yilda tug‘ilgan hamshahariga pulini keyinchalik berish sharti bilan 6 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu narkotik savdosiga Quvasoy shahrida yashovchi, 2002-yilda tug‘ilgan fuqaro ham aloqador ekani aniqlanib, u ham qo‘lga olindi.

Boshqa holatda esa Qo‘qon shahrida yashovchi, 1963-yilda tug‘ilgan fuqaro Tojikistondan olib kelingan 492 gr “gashish” moddasini 75 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.