Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi 55-maktabda 15 yoshli o‘quvchining umurtqasi tengqurlari tomonidan kaltaklanishi oqibatida singan. O‘quvchining onasi ijtimoiy tarmoqlarda o‘g‘liga o‘sha vaqtda birinchi yordam ko‘rsatilmagani va holat yuzasidan IIBga murojaat qilinmaganini ma’lum qilgan.

Qashqadaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lum qilishicha, murojaat ijtimoiy tarmoqlarda yoritilishdan avval ham Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘rnatilgan tartib asosida Qarshi tumanidagi 55-maktab faoliyati o‘rganilgan.

Shuningdek, o‘quvchilar o‘rtasida yuzaga kelgan holat huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o‘rganilib, qonuniy to‘xtamga kelingan.

Ma’lumot uchun, Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarma boshlig‘ining 2024-yil 19-martdagi tegishli buyrug‘i bilan Qarshi tumanidagi 55-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktab direktori M.P bilan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 157-moddasi 2-qismiga asosan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Hozirda vakolatli tashkilotlar tomonidan o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda, deyiladi xabarda.