Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi maktablardan birida sinfdoshiga nisbatan bulling uyushtirgan, uni kaltaklagan qizlarning ota-onalari javobgarlikka tortildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani matbuot xizmati xabar qildi.

Tumanda yashovchi, 2010-yilda tug‘ilgan E.O. ismli qiz Bolalar ombudsmanining shaxsiy qabuliga 3-aprel kuni murojaat qilib, sinfdoshlari tomonidan muttasil tazyiq va bullingga uchrayotgani, bu holatga maktab ma’muriyati ham, boshqa mas’ullar ham e’tiborsiz ekanini bildirgan.

Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va Ichki ishlar organlari mazkur holatni o‘rgandi.

Bo‘stonliq tumani MMT bo‘limi o‘rganishi davomida 2024-yilning 18-mart kuni informatika darsida E.O, S.M., M.K., K.V. (barchasi qizlar) o‘zaro gap talashib qolishgani, dars mashg‘ulotlari tugaganidan so‘ng nizoni hal qilishni kelishib, dars tugaganidan keyin maktab sinf xonasida yig‘ilib o‘zaro janjallashgani va 3 nafar qiz birgalikda E.O.ni urishgani, uni turli haqoratli so‘zlar bilan kamsitishgani ma’lum bo‘ldi.

Bo‘stonliq tumani “Markaziy” MFY profilaktika inspektori tomonidan bolalar o‘rtasidagi bu holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv olib borilib, voyaga yetmagan o‘quvchi qizlar E.O. va K.V. ga sud tibbiyot ekspertizasi tayinlangan va ularning yengil tan jarohati olganliklari aniqlangan.

Mazkur bulling holati yuzasidan K.V., S.M., M.K. larning ota-onalari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi 1- qismi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik / bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima) asosida ma’muriy javobgarlikka tortildi. Qizlar bilan maxsus psixologik korreksion ish olib borish uchun psixolog biriktirildi.

Maktab rahbariyati va inspektor-psixolog bolalar o‘rtasida bu kabi bulling holatlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tegishlicha ogohlantirildi.