Toshkent shahrida Artdocfest Asia festivali doirasidagi “Sharqiy front” filmi namoyishi to‘xtatilgach, festival direktori va prezidenti Vitaliy Manskiy o‘zining Facebook`dagi sahifasida bu haqda post qoldirdi. Tadbirlar 2-apreldan 8-aprelga qadar Toshkentda bo‘lib o‘tishi kerak edi.

artdocfest, маданият vazirligi, Sharqiy front

“Hozirgina Toshkentda Artdocfest Asia festivali doirasida „Sharqiy front“ (Vitaliy Manskiy va Yevgeniy Titarenkoning Ukrainadagi urush haqidagi hujjatli filmi — tahr.) filmimiz namoyishi to‘xtatildi. Festival dasturining keyingi barcha namoyishlari ham taqiqlandi. Bu O‘zbekiston Madaniyat vazirligi ko‘rsatmasi asosida amalga oshirildi. Bu holat 139 Documentary Center`ning 4 yillik faoliyati davomidagi birinchi voqeadir. Salom „Rus dunyosi!“”, — deydi u.

“Tashkilotchilar qonunchilikda belgilangan tartibda ruxsatnoma olmagan”

Madaniyat vazirligi holat yuzasidan munosabat bildirdi. Qayd etilishicha, 2021-yil 14-iyulda qabul qilingan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunning 1-ilovasiga ko‘ra, O‘zbekiston hududida filmni ommaviy namoyish etish ruxsatnoma olish talab qilinadigan faoliyat turi hisoblanadi.

Mazkur qonun, shuningdek, Vazirlar Mahkamasinnng 2022-yil 22-fevraldagi “Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari to‘g‘risidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi 86-sonli qaroriga asosan Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi filmni ommaviy namoyish etish uchun bir martalik ruxsatnoma berishga vakolatli organ etib belgilangan.

artdocfest, маданият vazirligi, Sharqiy front

Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga ko‘ra, respublika hududida mahalliy va xorijiy filmlarni namoyish etish uchun xususiy tadbirkorlar tomonidan Kinematografiya agentligiga ariza bilan murojaat etadi hamda agentlik tomonidan ushbu murojaat 10 ish kunida ko‘rib chiqiladi.

“Shu bilan birga, filmni ommaviy namoyish etishda bir qator talab va shartlarga qat’iy rioya etilishi belgilangan. Mazkur talab va shartlarga amal qilinmasligi filmni ommaviy namoyish etish uchun berilgan ruxsatnomaning bekor bo‘lishiga olib kelishi ko‘zda tutilgan”, — deyiladi vazirlik bayonotida.

Vazirlik, bundan tashqari, yuqoridagi hujjatlarda O‘zbekiston hududida ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun Ichki ishlar vazirligidan ruxsatnoma olishi shart ekani belgilanganini ham qo‘shimcha qildi.

“Biroq 2−8-aprel kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Artdocfest Asia festivali deb nomlangan ommaviy tadbirni o‘tkazish uchun tashkilotchilar O‘zbekiston qonunchiligida belgilangani tartibda ruxsatnoma olishmagan”, — deya holatga tushuntirish berdi vazirlik.

Ta’kidlanishicha, tashkilotchilar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning rasmiy ravishda ogohlantirishlariga qaramay, ommaviy tadbir va filmlar namoyishini tashkil etib, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan.

Vazirlik, o‘z navbatida, ommaviy tadbirlar, jumladan, festivallar va ularda filmlar namoyishini to‘xtatish Madaniyat vazirligining vakolatiga kirmasligini bildirib o‘tdi.