Buxoro viloyati Ruhiy-asab kasalliklari dispanseri ma’muriyati muassasada faol davolanishga muhtoj bo‘lmagan qiz borligi, ammo undan hech kim xabar olmasligini aytib, bolalar ombudsmaniga murojaat yo‘lladi.

Murojaatda aytilishicha, dispanserdagi 2009-yilda tug‘ilgan M.Ya. ismli qiz bugungi kunda faol davolanishga muhtoj emas. Ammo hozirda undan hech kim xabar olmaydi, uning onasi qizini olib ketolmasligi aytgan.

Bolalar ombudsmani voyaga yetmagan M.Ya. oilasining ijtimoiy vaziyati baholanishi va uning shifoxonadan chiqarilib, sog‘lom hayotga moslashuvi yuzasidan Ijtimoiy himoya milliy agentligiga so‘rov yubordi.

Agentlikning Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan oilaning ijtimoiy vaziyati o‘rganilib, qizning onasi bilan uchrashildi va tushuntirish ishlari olib borildi. Natijada M.Ya. 19-mart kuni dispanserdan chiqarilib, yashash manziliga olib ketildi.

U hozirda o‘qishini Buxoro shahridagi 8-sonli umumiy o‘rta maktabda davom ettirmoqda.