Istiqbolli loyihalar milliy agentligi sug‘urta tashkilotlaridan biri — Universal sug‘urta aksiyadorlik jamiyatining litsenziyasi 2-apreldan bekor qilingani haqida xabar berdi.

Agentlik “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunning 33-moddasi va “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizom”ning 49-bandiga muvofiq qaror qabul qilgan.

Unga ko‘ra, Universal sug‘urta AJning umumiy sug‘urta sohasining 1, 2, 3, 4, 5, 6, 7, 8, 9, 10, 11, 12, 13, 14, 15, 16 va 17 klasslari bo‘yicha ixtiyoriy sug‘urta faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha berilgan 2022-yil 7-iyuldagi 031932-sonli litsenziyasi 2-aprelda bekor qilindi.

Agentlik sug‘urta tashkiloti ilgari tuzilgan sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomalari bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini belgilangan tartibda bajarishi shart ekanini ta’kidladi.

Avvalroq “Kapital sug‘urta” AJning moliyaviy hisobotlarini o‘rganish natijalariga ko‘ra qonunchilik hujjatlarida belgilangan me’yorlarga rioya qilinmaganlik faktlari aniqlanib, oqibatda 162 mln so‘m miqdorida jarima solingandi. Bundan tashqari, sug‘urta tashkilotining sug‘urta faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha berilgan litsenziya 2024-yil 11-yanvar sanasidan boshlab 10 kun muddatga to‘xtatib qo‘yilgan.