Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida 31-mart kuni R.F. (2008-yilda tug‘ilgan) ismli yigit yashash uyining oshxonasida gaz trubasiga o‘zini osib, vafot etdi. Bu haqda “Gazeta.uz"ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

Sudga oid tibbiy ekspertiza uning o‘limi yuqori nafas yo‘llarining sirtmoq bilan qisilishidan keyingi mexanik asfiksiya natijasida kelib chiqqanini aniqlagan. Marhumning bo‘yin sohasidagi strangulyatsion egat shilinmasidan tashqari, boshqa jarohatlari mavjud bo‘lmagan.

Marhumning onasi Z.N. farzandi hech bir sababsiz joniga qasd qilgani, unga hech kim jismoniy yoki ruhiy tazyiq o‘tkazmagani, marhumning o‘limida biror shaxsga nisbatan da’vo va e’tirozi yo‘qligini aytgan.

Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.