1-aprel kuni “Ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmoni [PF-55-son] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Farmonga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yilidan Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda:

  • chet tilini bilish bo‘yicha kamida V2 darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan o‘qituvchilar tomonidan fanlarni chet tilida o‘qitish amaliyoti joriy etiladi;
  • matematika, fizika, kimyo, biologiya, tabiiy fanlar (science), informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan darslarni chet tilida olib borgan o‘qituvchilarga tarif stavkasiga nisbatan 100 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanadi.

Prezident maktablarining mahalliy o‘qituvchilariga ularning tarif stavkasiga nisbatan 350 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lash tartibi joriy etiladi.

Bunda, ustama pedagoglar tomonidan quyidagi shartlarning barchasi bajarilgan taqdirda to‘lanadi:

  • Kembridj (Cambridge Assessment International Education) xalqaro ta’lim dasturlari asosida dars beriladigan fanlarni o‘qitish bo‘yicha 3 ta (Introductory, Extension, Marking) kursni muvaffaqiyatli tugatish va bu haqida tegishli sertifikat olish;
  • Prezident maktablarida kamida 1 yillik ish stajiga va chet tilini bilish bo‘yicha kamida S1 darajadagi yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lish.

Shuningdek, farmonga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yilidan Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda tajriba-sinov tariqasida “Yangi O‘zbekiston” universiteti bilan o‘zaro integratsiyalashgan o‘quvchilarni muhandislik asoslariga o‘rgatish bo‘yicha ta’lim dasturlari joriy qilinadi.

Bunda:

  • Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning o‘quv jarayoni 5 yillik dasturlar asosida STEM modeli bo‘yicha tashkil etiladi;
  • muhandislik dasturlariga tanlov umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining matematika, mantiqiy fikrlash, informatika va muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha qobiliyati bor 6-sinf bitiruvchilari orasidan amalga oshiriladi;
  • muhandislik ta’lim dasturlari “Yangi O‘zbekiston” universiteti bakalavriat ta’lim dasturlari bilan o‘zaro integratsiya qilinadi;
  • muhandislik ta’lim dasturlarini lozim darajada o‘zlashtirgan bitiruvchilarga o‘z o‘qishini “Yangi O‘zbekiston” universiteti tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishining 2-bosqichidan davom ettirish huquqi beriladi.