Dushanba kuni kechqurun Isroil harbiylari G‘azodagi World Central Kitchen (WCK) xayriya tashkiloti insonparvarlik karvonini o‘qqa tutdi. Bu haqda tashkilot ma’lumotlariga tayanib, The Times of Israel xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, hodisa oqibatida yetti kishi halok bo‘ldi, ular orasida Avstraliya, Buyuk Britaniya va Polsha fuqarolari ham bor. World Central Kitchen hujumni “kechirib bo‘lmas” deb atadi va karvon tashkilot logotiplari bilan tamg‘alanganini va harakat Isroil harbiylari bilan muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilganini bildirdi.

Havo hujumidan so‘ng qonga bo‘yalgan Britaniya, Polsha va Avstraliya pasportlari, Dayr al-Balada, G‘azo sektori, 1-aprel. Foto: APHavo hujumidan so‘ng qonga bo‘yalgan Britaniya, Polsha va Avstraliya pasportlari, Dayr al-Balada, G‘azo sektori, 1-aprel. Foto: AP

World Central Kitchen G‘azodagi faoliyatini noma’lum muddatga to‘xtatadi, deya ma’lum qildi tashkilot.

Isroil mudofaa kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, “fojiali voqea” tergov qilinmoqda: harbiylar “ushbu fojiali hodisani tushunishga harakat qilyapti”, Isroil armiyasi esa zarba uchun javobgarlikni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z zimmasiga olmagan.

World Central Kitchen urush paytida G‘azoda faoliyat yuritayotgan asosiy gumanitar tashkilotlardan biridir. Harbiy harakatlar boshlanganidan beri tashkilot 32 milliondan ortiq ovqat tarqatdi.

Xalqaro tashkilotlar ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo sektorining 300 mingga yaqin aholisi yaqin kelajakda ochlikdan o‘lim topish xavfi ostida.